Mohi Ramazon Farg‘ona viloyatida o‘zgacha fayz va tarovat bilan o‘tmoqda. Qutlug‘ oyning fazli va barakasidan barcha birdek bahramand bo‘lishga oshiqmoqda. Buni odamlarning xayrli ishlarga harisligi, ibodatga oshuftaligi va farzu sunnat amallarini bajarishga e’tibori oshganidan yaqqol sezish mumkin. Bu yilgi Ramazon oyining ilk kunlarida Farg‘ona viloyatiga davlatimiz Rahbarining tashrifi va muborak oy bilan tabrik qilishlari farg‘onaliklarni cheksiz quvontirdi. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Farg‘ona viloyati aholisi hayotida ham o‘z aksini topayotgani, bundan avvalo odamlar rozi bo‘layotganini alohida ta’kidlash kerak.
Yurtimizga o‘zining fayzu barakasi bilan kirib kelgan Ramazon oyning hikmatlari juda ko‘p, ayniqsa, hufton namozidan keyin taroveh namozining o‘qilishi eng huzurbaxsh onlar, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazonda doim ado qilgan taroveh namozi ta’kidlangan sunnat amal hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazon haqida “Kim unda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” deganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy).
Kuni kecha mana shunday sharif oyning fayzli oqshomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi “Sayyidahmadxon” jome masjidiga tarovih namozini mo‘min-musulmonlar bilan birga-birga ado etish uchun tashrif buyurdilar. Hazratning tashriflarini eshitib, ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda taroveh namozida Haq kalomiga some bo‘lishni intiqlik bilan kutgan namozxonlar jomega to‘p-to‘p bo‘lib kela boshlashdi. Yana bir quvonarlisi, ushbu jome masjidning yangi binosi foydalanishga topshirilishi mo‘min-musulmonlarga Ramazon oyiga katta tuhfa bo‘ldi.
Masjidni fayzga to‘ldirib turgan namozxonlarni muftiy hazratlari muborak Ramazon oyi bilan qutlab, ushbu oyning fazilatlari haqida so‘zlab berdilar. Muftiy hazrat so‘zlarida davom etib, bu kunlarni qadrlash, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan berilayotgan shart-sharoitlar uchun Parvardigorimizga shukronalar aytish, bu ne’matlarning davomli bo‘lishi uchun duolar qilishni so‘zladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.