Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

G‘iybatchining tavbasi

7.05.2019   3229   2 min.
G‘iybatchining tavbasi

“Men hech kimni g‘iybat qilmaganman” deb kimdir ayta oladimi? Yo‘q, anikki, o‘zimiz istagan yo istamagan holda, kimnidir, albatta, g‘iybat qilganmiz va qilmoqdamiz.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “G‘iybat nimaligini bilasizlarmi?” dedilar. “Alloh va Uning rasuli biluvchi”, deyishdi. “Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”,  dedilar. “Birodarimda men aytgan sifat bo‘lsa-chi?” deyishdi. “Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Bir tanishim o‘ta tushkun kayfiyatda o‘zini qiynayotgan masalani shunday hikoya qildi: “O‘zimni qattiq taftish qilib, qilgan ishlarimni eslab, chin ko‘ngildan afsusdaman. Va hech qachon oldingi xatolarimni, qilgan g‘iybatlarim, xazil-mutoyibalarimni qilmaslikka ahd qildim.

Hammani ustidan hajv qilib kulib yurardim. G‘iybat men uchun oddiy kundalik mashg‘ulot edi. Ota-onasi o‘lganlarning ba’zi davralarda kulganlarini ko‘rib: “Bemehr odam ekan ota-onasidan, ikki qanotidan ayrilsa ham kulib, hayot tashvishlarini qilib yuribdi”, derdim.

Kunlar o‘tib onaizorimdan, har tong va kechda mendan xabar olguvchi mehribonimdan ayrildim, ammo kulayapman. Har kulganimda o‘zgalarni ig‘vo qilib, g‘iybat qilganim esimga tushib: “Qanday kulayapsan, onang o‘lganku?”, degan ovoz kelaveradi ichimdan. Yashasa, kulsa bo‘larkan. Alloh musibatiga yarasha sabr va ko‘nikish tuyg‘ularini ham insonga berarkan.

Bolasi o‘lganlarni ko‘rib qandoq yashayapti jigar porasini qora yerga topshirib deb ta’na qilardim.... Oh meni o‘ylamasdan gapirgan so‘zlarim o‘z boshimga do‘l kabi birin-ketin yog‘ilib keldi.

Yillar o‘tib, yuragimning bir parchasi, ko‘zimning oqu-qorasi bolajonimdan ayrildim, lekin yashayapman. Yuragimga bir musht urib: nahot tirikman usiz?! Qalbimda ayriliq azobining izi hali ham ketmagan. Birovni gapirish juda oson ekan, og‘zimning bir chekkasidan chiqib ketgan bir qator so‘zlarning qanchalik og‘ir ekanini endi ich-ichimdan his qilmoqdaman”, deb ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadi, bechora.

Men unga dalda berish uchun Alloh taoloning ushbu oyatini eslatdim: “Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

IMRON

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

21.01.2025   1838   2 min.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.

Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.

U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.

Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.

Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.

Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.

Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.

Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.

Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.

Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!

«Hadis va hayot» kitobidan

Maqolalar