“Men hech kimni g‘iybat qilmaganman” deb kimdir ayta oladimi? Yo‘q, anikki, o‘zimiz istagan yo istamagan holda, kimnidir, albatta, g‘iybat qilganmiz va qilmoqdamiz.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “G‘iybat nimaligini bilasizlarmi?” dedilar. “Alloh va Uning rasuli biluvchi”, deyishdi. “Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. “Birodarimda men aytgan sifat bo‘lsa-chi?” deyishdi. “Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Bir tanishim o‘ta tushkun kayfiyatda o‘zini qiynayotgan masalani shunday hikoya qildi: “O‘zimni qattiq taftish qilib, qilgan ishlarimni eslab, chin ko‘ngildan afsusdaman. Va hech qachon oldingi xatolarimni, qilgan g‘iybatlarim, xazil-mutoyibalarimni qilmaslikka ahd qildim.
Hammani ustidan hajv qilib kulib yurardim. G‘iybat men uchun oddiy kundalik mashg‘ulot edi. Ota-onasi o‘lganlarning ba’zi davralarda kulganlarini ko‘rib: “Bemehr odam ekan ota-onasidan, ikki qanotidan ayrilsa ham kulib, hayot tashvishlarini qilib yuribdi”, derdim.
Kunlar o‘tib onaizorimdan, har tong va kechda mendan xabar olguvchi mehribonimdan ayrildim, ammo kulayapman. Har kulganimda o‘zgalarni ig‘vo qilib, g‘iybat qilganim esimga tushib: “Qanday kulayapsan, onang o‘lganku?”, degan ovoz kelaveradi ichimdan. Yashasa, kulsa bo‘larkan. Alloh musibatiga yarasha sabr va ko‘nikish tuyg‘ularini ham insonga berarkan.
Bolasi o‘lganlarni ko‘rib qandoq yashayapti jigar porasini qora yerga topshirib deb ta’na qilardim.... Oh meni o‘ylamasdan gapirgan so‘zlarim o‘z boshimga do‘l kabi birin-ketin yog‘ilib keldi.
Yillar o‘tib, yuragimning bir parchasi, ko‘zimning oqu-qorasi bolajonimdan ayrildim, lekin yashayapman. Yuragimga bir musht urib: nahot tirikman usiz?! Qalbimda ayriliq azobining izi hali ham ketmagan. Birovni gapirish juda oson ekan, og‘zimning bir chekkasidan chiqib ketgan bir qator so‘zlarning qanchalik og‘ir ekanini endi ich-ichimdan his qilmoqdaman”, deb ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadi, bechora.
Men unga dalda berish uchun Alloh taoloning ushbu oyatini eslatdim: “Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
IMRON
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi (https://uzbekistan2030.uz/uzc/muhokama).
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar nazarda tutilgan.
Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Har bir yurtdoshimiz 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati