Ro‘za gunohlarga kafforat bo‘lishini hammamiz bilamiz. Ammo barcha ro‘za tutuvchilarning ham gunohlari kechirilavermas ekan. Buning uchun ro‘zani ixlos bilan, Allohga taqvo bilan tutish talab etiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qiladi: “Shunday ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zasi faqatgina ochlikdan boshqa narsa emas. Yana qanchadan-qancha kechasi turib namoz o‘quvchilar borki, ularning (namozda) turishidan faqatgina uyqusizlik qoladi, xolos” (Ibn Moja, Ahmad va Bayhaqiy rivoyati).
Agar banda ro‘za tutib, qaytarilgan ishlardan tiyilmasa, Allohga taqvo qilmasa, uning kun bo‘yi och yurib, tashna bo‘lgani qoladi. Unga hech qanday savob berilmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimki (ro‘zador holida) yolg‘on so‘z va unga amal qilishni tashlamasa, Alloh taolo u bandaning taom va ichimligini tark qilishiga muhtoj emas” (Buxoriy va Abu Dovud rivoyati).
Ushbu rivoyatda banda eng ko‘p sodir etadigan gunoh alohida zikr qilinmoqda. Qo‘l yordamida gunoh qilishdan ko‘ra til bilan gunoh qilish ko‘p uchraydi. Til bilan qilinadigan gunohlar ichida eng ko‘p uchraydigani bu yolg‘ondir. Kimki ro‘za tutib, yolg‘onchilikni tashlamas ekan, Allohga u bandaning och yurishi kerak emas.
Alloh bandalari ibodatini qabul qilishda asosan botiniy jihatga, bandaning qalb holatiga nazar soladi. Agar banda ro‘zador bo‘la turib, faqatgina ovqatdan o‘zini tiysayu, ammo tilini yolg‘on, tuhmat, g‘iybat va shu kabi qabih so‘zlardan saqlamasa, Alloh u bandaning kun bo‘yi och yurishiga muhtoj emas. Ba’zi ro‘zadorlar borki, ular ro‘za tutib, kun bo‘yi g‘iybat, chaqimchilik, tuhmat, bo‘hton va shu kabi gunohlar ko‘chasidan beri kelmaydilar. Bunday ro‘zadorlarning “ro‘za tutgani” faqat iftorga boribgina esiga tushadi.
Biz tongda og‘zimizni yopganimizda uni yolg‘on va harom so‘zlardan, ko‘zimizni nomahramlarga boqishdan, qo‘limizni zulmdan saqlash, oyog‘imizni ma’siyatga qadam bosishdan to‘sishni unutmasligimiz lozim. Shundagina ko‘zlangan maqsad hosil bo‘ladi.
Shunday hollar bo‘ladiki, banda o‘zi xohlamagan tarzda o‘zgalar bilan tortishishga, o‘zini himoya qilishga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishni bizga Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o‘rgatganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Sizlardan kimki ro‘zador bo‘lsa, bas, uyat so‘zlarni gapirmasin, johillik qilmasin! Agar birontasi u bilan so‘kishmoqchi yo urishmoqchi bo‘lsa, bas: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Haqiqiy ro‘zador boshqalar bilan tortishib, o‘zining ham, birovning ham asabini buzib, ro‘zasini savobini kamaytirib, vaqtini zoye ketkazib o‘tirmaydi. Balki u ro‘zador ekani, shu sabab janjallashib o‘tirishni o‘ziga loyiq ko‘rmasligini ma’lum qiladi.
Boshqa tarafdan olib qaraganda, banda ro‘za tutsa, unda taqvodorlik hissi ortadi. Ro‘za tutgan banda Allohni yaxshiroq anglaydi, ibodatlarga e’tibori ortadi, namozda xushu’ paydo bo‘ladi. Zero, ixlos bilan ro‘za tutgan bandani Alloh taqvoga boshlaydi.
Ro‘za paytida banda taom va ichimlikni tark qiladi. Mana shu ikkisi iste’molida haddan oshish bandani nafs quliga aylantiradi. Ro‘zadorlik chog‘ida nafaqat taom, balki ma’naviy jinoyatlar, gunohlardan tiyilishga ham harakat qilinadi.
Ikkinchi tarafdan, ro‘zadan maqsad taqvo va ro‘za tutgan bandaga taqvo sari yo‘q ochilar ekan, qaysi banda ro‘za tutib, faqat moddiy jihatga e’tibor bersa, ma’naviy ro‘zani esdan chiqarsa, uning ro‘zasi mukammal bo‘lmaydi, nuqsonli bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ro‘za tutish davrida ovqatdan tiyilish bilan birga til, ko‘z, quloq, qo‘l-oyoqlarni ham nojoiz ishlardan saqlash, asosan taqvoga e’tibor berish kerak bo‘ladi. Banda ro‘za tutmagan paytida ham ushbu a’zolarini harom ishlardan tiyishi shart. Ammo, ro‘zadorlik paytida bu narsaga ko‘proq e’tibor berish talab etiladi. Zero, ro‘zadan murod taqvodir.
Barchamizga ma’lumki, muhtaram azizlar, bugungi kunda barchalarimiz intizorlikda kutgan, musulmonlarning har tomonlama poklanadigan ulug‘ oy – muborak Ramazoni sharifda Allohning bizga ato etgan ne’matlaridan bahramand bo‘lib turibmiz. Bu oyning dastlabki o‘n kuni "rahmat" dahasi hisoblanadi. Bu dahada ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘iladi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etgan bandasiga albatta O‘z rahmatini ato etadi. Ilohim, barchalarimizni Alloh rahmatiga erishgan bandalaridan qilsin! Yurtimiz tinch, xalqimizning halovat va xotirjamligi davomli bo‘lsin!
Umida AZIZ tayyorladi
Manba: https://azon.uz
Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida
Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.
U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.
“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan