“...So‘ngra, shundan keyin qalblaringiz qattiq bo‘ldi, ular toshdek yoki toshdan ham qattiq...” deyiladi Baqara surasining 74-oyatida.
Dunyo olimlari ko‘p yillardan buyon Ruminiya hududida aql bovar qilmas hodisaning guvohi bo‘lmoqdalar. Sirli hodisaning sababi esa o‘suvchi toshlardir. Ularni harakatlanuvchi yoki jonli toshlar, deb ham atashadi. O‘tkir qirralardan mosuvo ana shu antiqa toshlar yomg‘ir yog‘ishi bilan kattalasha boshlaydi. Qarabsizki, mittigina toshcha bir qancha vaqt o‘tgach, bir necha tonna keladigan yirik toshga aylanadi.
Toshni yorib ko‘rsangiz uning ichi odatdagi tosh tarkibidek emas, balki daraxtlarni kesganda ko‘zga tashlanadigan manzarani eslatadi. G‘aroyib toshlarning markaziy nuqtasi yaqqol ko‘zga tashlanadi va uni ko‘plab halqalar o‘rab olgan. Olimlarning aniqlashlaricha, toshlar turli xil mineral tuzlardan tarkib topgan ekan.
Fahmsiz, fisqu fujurga boy, iymondan ayro, ixlosga beparvo, bajarayotgan xatti-harakatlarining zamirini tafakkur qilmaydigan qalblar, Rabbimiz bildirganidek, toshdan ham qattiqdir. Darhaqiqat, rahmatga dalolat qiluvchi yomg‘irlar hatto tabiatdagi eng qattiq jism hisoblangan toshlarni ham o‘stiradi, yumshatadi. Biroq insonning har lahzasiga qo‘shib taqdim etilgan yaxshilik qilish imkoniyati ba’zi qalblarni eritishdan, egiltirishdan ojiz.
Yuqoridagi oyat aslida bani isroilga qarata nozil bo‘lgan. Ularga izma-iz mo‘jizalar ko‘rsatilgandan so‘ng ularning rabbisiga itoatsizlik qilganliklari oqibatida ingan. Ammo mazkur oyat mohiyatan butun insoniyatga tegishli. Atrofga tiyrak nazar solsak, kunduzning kechadan ajrab chiqishida ham, quyosh, oy, Yer, yulduzlarlarning harakatlarida, inson shuurining aralashuvisiz sodir bo‘ladigan ichki a’zolarning batartib faoliyatida ham mislsiz mo‘jizalarni kuzatishimiz mumkin. Kundalik hayotimizda, har lahzamizda mo‘jizalarni ko‘rmaslik imkonidan chetda ekanmiz, ichki va tashqi olamimizda ularni go‘zal sur’atda tasdiqlashga intilaylik. Qalb qattiqligidan, uning toshdek yoki toshdan ham qattiqligidan saqlanaylik. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ogohlantirganlaridek: “Odamlarning Allohdan eng uzog‘i qalbi qattig‘idir” (Imom Termiziy rivoyati).
Mavjuda ABDULLOH qizi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati