O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi o‘rtasida ko‘p yillardan beri diniy-ma’rifiy sohada hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Diniy boshqarmaning taklifiga binoan har yili o‘nlab qorilarimiz muborak Ramazon oyida Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida bo‘lib, masjidlarda xatmi Qur’onlar o‘tkazib kelmoqdalar. Bu yili ham 10 nafar hofizi Qur’onlar Rossiyaning Moskva va uning atrofidagi shaharlar, Xabarovsk, Sverlodsk, Stavropol kabi o‘lkalarda bo‘lib, muborak oy davomida musulmonlarga tarovih namozlarida xatmi Qur’on o‘qib beradilar. Shuningdek, safar davomida qorilarimiz joylarda tashkil etiladigan diniy marosimlarda ishtirok etadilar.
Dastlab, Xabarovsk viloyatiga jo‘nab ketgan qorilarimiz – Toshkent viloyati “Nurul islom” jome masjidi imom-xatibi Oqiljon Is'hoqov va Toshkent shahar “Choshtepa” jome masjidi imom-xatibi Abdulhakim Xotamovlar 4 may kuni Uzoq Sharq musulmonlari diniy idorasi raxbariyati tomonidan kutib olinib, o‘zlari uchun taqsimlangan masjidlarda xatmi Qur’onlarni boshlab yubordilar.
Xorijda faoliyatlarini davom ettirayotgan qorilarimiz haqida portalimiz orqali xabar berib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi