Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir

07.05.2019   3170   4 min.
Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir

Bir guruh shaxslarning O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishi keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston — ko‘p millatli davlat. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Yurtimiz aholisining 80 foizdan ortig‘ini o‘zbeklar tashkil etib, ularning umumiy aholi sonidagi ulushi muntazam oshib bormoqda. Shuningdek, boshqa millatlarning ko‘p sonli jamoalari ham mavjud. Ularning 10 foizdan ortig‘i — Markaziy Osiyo xalqlari vakillaridir. Rus va boshqa slavyan xalqlari vakillari respublika aholisining 10 foizini tashkil qiladi.

Bugungi kunda respublikamizda ta’lim 7 tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik tili) olib boriladi. Ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan ikki mingdan ortiq maktablar faoliyat olib bormoqda.

Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’iy nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Ularga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.

Millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 137 ta milliy madaniy markazning alohida o‘rni bor. Ular o‘zlarining madaniyati, an’ana va urf-odatlari, tili, xalq hunarmandchiligini rivojlantirib, turli madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitishiga, har birimizda ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Alloh taolo muborak kitobida “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (“Hujurot” surasi, 13-oyat), deb marhamat qilgan. Demak, odamlarning har biri bir ota-onaning farzandlaridir. Ularning turli xalqlar va qabilalarga bo‘linishining sababi esa, o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilishdir.

Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda har bir millat va elat vakillarining o‘z ona tilida muloqot qilishi, madaniyati, milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi va davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Buning huquqiy asoslari Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilab berilgan. Ana shunday paytda ayrim kishilarning kimlargadir xushomad yoki boshqa manfaat ilinjida rus tiliga rasmiy til maqomi berilishini da’vo qilishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, ular bu xatti-harakatlari bilan millatlar o‘rtasidagi samimiy, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga soya solishi mumkin.

Bugungi globallashuv davrida ko‘p til bilish barchamiz uchun hayotiy zarurat. Shuning uchun ham bolalarimizga yoshligidan ona tili – o‘zbek tili bilan birga bir necha chet tillarni, xususan, rus tilini ham o‘rgatishga harakat qilamiz. Bu har bir insonning erkin tanlovi asosida amalga oshiriladi. Bunga birovni majburlashning hojati yo‘q. Har kim o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, istagan xorijiy tilini o‘rganadi. Bas shunday ekan, xalq gaplashadigan, muomala qiladigan asosiy tildan boshqa tilga davlat tili yoki rasmiy til maqomini berishni da’vo qilish faqat ayrim kuch va toifalarning manfaati uchun qilingan harakatdir.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

viloyat bosh imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

23.06.2025   2994   1 min.
Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.

 

Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.

Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.

 

Davron NURMUHAMMAD