«Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaring uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi.
Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim. Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir» (Baqara, 183–184).
Hayotning lazzatini, irodaning qiymatini anglab yetishga xizmat qiladigan Ramazon ro‘zasi ilohiy amrlar ichida nafsga eng og‘ir keladigan amaldir. Ramazon arabcha «ar-ramad» so‘zidan olingan, quyosh haroratining juda isib, ko‘tarilganini anglatadi. Oyning «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda tavba, solih amal qilganlarning gunohlari kuydiriladi, yo‘q qilib yuboriladi. O‘zbek tilida ro‘za ma’nosini anglatadigan arabcha «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Atama sifatida esa, niyat qilib, nafsning eng katta istaklari bo‘lgan yeyish-ichish va jinsiy aloqadan kun bo‘yi tiyilishdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng oyda uch kun va ashuro kunida nafl ro‘za tutardilar. Hijratdan bir yil o‘tib, qibla o‘zgarganidan keyin sha’bon oyida Ramazon ro‘zasi farz qilindi.
Alloh taolo Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) oldin o‘tgan payg‘ambarlarning ummatlariga ham ro‘zani farz qilgan. Masalan, Odamga (alayhissalom) biyz kunlari (oyning 13-14-15 kunlari), Musoning (alayhissalom) qavmlariga ashuro kunlari, nasorolarga ham ramazon oyida ro‘za tutish buyurilgan. Ro‘za shahvatni kesadi, nafsning hoyu havaslarini mag‘lub qiladi. Turli yomonliklardan, tug‘yonga ketishdan saqlaydi. Ro‘zaning badan salomatligiga foydalari bugun barchaga yaxshi ma’lum. Ammo bu foydalar ro‘zaning farz bo‘lishi sababi va hikmati hisoblanmaydi. Ro‘za farz bo‘lishining asl hikmati Alloh taoloning amriga bo‘yinsunib, bandalikning zavqini totish, ruhni riyo asoratlaridan poklab, quvvat va ixlosni oshirish, nafsni yengib, komillikka erishishdir.
«...sanoqli kunlarda». Ya’ni, sizga farz qilingan ro‘za yilning sanoqli kunlarida – o‘n ikki oydan faqatgina bir oyidadir. Hamda sizning salomatligingizga ziyon keltirmaydigan, toqatingizni toq qilmaydigan shaklda, uzrli bo‘lsangiz, ma’zur ko‘rilib, yengillik berishni ko‘zda tutilgan holatda buyurilgandir.
«Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir». Agar ro‘za tutish sihatingizga jiddiy zarar yetkazadigan darajada bemor yoki safarda bo‘lsangiz, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Sog‘aygach yoki safardan qaytganingizdan keyin, necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsangiz, shuncha kun tutib, zimmangizdagi farz qazosini ado etasiz.
«Madori yetmaydiganlar bir mis kin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz)to‘lashlari lozim». Bu borada Ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Ramazon ro‘zasi farz qilingan dastlabki paytda odamlar hali unga ko‘nikmagan edilar. Ularga kun bo‘yi och yurish juda og‘ir kelardi. Shuning uchun ro‘za tutolmaganlar oyati karimaning: «Madori yetmaydiganlar...» hukmiga asoslanib, bir kambag‘alni to‘ydirish bilan o‘zlarini farzni ado etgan hisoblaganlar. «Sizlardan har kim u oyga shohid bo‘lsa, ro‘za tutsin» mazmunli oyati karima tushgach, ro‘za tutmay, fidya berishga ruxsat faqat bemorlar va musofirlargagina tegishli bo‘lib qoldi. Qolgan barchamiz ro‘za tutishga buyurildik».«Madori yetmaydiganlar» qatoriga juda ham qartayib, ochlikka toqati yetmaydigan qariyalar ham kirishiga mufassirlar ittifoq qilishgan.
«Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi». Ya’ni, kim buyurilganidan ortiqroq fidya bersa, o‘zi uchun yanada yaxshidir. «Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir». Fidya berganidan yoki qazoni tutganidan ko‘ra, qiyin bo‘lsa ham, vaqtida ro‘za tutganlaring o‘zlaring uchun afzaldir. Agar ro‘zaning fazilatini bilganlaringda, albatta, ro‘za tutmaslik joiz bo‘lgan holatlarda ham ro‘za tutgan bo‘lardilaring.
Qurtubiy va Hamdiy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.
«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.
Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.