O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2019 yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha
QARORI
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy 2019 yil (hijriy 1440 yil) uchun ZAKOT nisobi 1 gramm tilloning bugungi kunda bozorlarimizdagi o‘rtacha narxi 200 000 (ikki yuz ming) so‘m ekanligini e’tiborga olib, zakot nisobi 85 (sakson besh) gramm tillo, ya’ni 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘m deb belgilangani va mazkur summaning qirqdan bir (1/40) hissasi, ya’ni 425 000 (to‘rt yuz yigirma besh ming) so‘mni zakot niyatida chiqarilishi haqidagi xulosasi ma’qullansin.
Ma’lumki, fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammdir.
Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:
≈ 2 kilogramm bug‘doydan 6 000 (olti ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpadan 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayizdan 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmodan 100 000 (yuz ming) so‘m bo‘ladi.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 15 000 (o‘n besh ming) so‘m, deb belgilansin.
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
Ba’zan ayb o‘zimizdan o‘tsa-da, kechirim so‘rashga shoshilmaymiz. Xo‘sh, bizni borimizcha suygan, ardoqlagan insonlar bilan arzimas mayda-chuydalar, jilovlanmagan hissiyotlar va soxta g‘urur tufayli devorlar qurayotganimizda, aslida kim g‘olib bo‘ladi?..
Hayot bizga uzoq bir safardek tuyuladi, ammo u aslida juda qisqa. Bugun kimgadir zahringizni sochayotgan, jahl otiga minayotgan bo‘lsangiz, bir lahza to‘xtang... Ertaga o‘sha insonni bag‘ringizga bosish, ovozini eshitish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lib qolishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring.
Vaqt — shafqatsiz hakam. Yillar biz o‘ylagandan ham shiddat bilan uchib o‘tadi. Ko‘zni ochib yumguncha bolalarimiz ulg‘ayganini, sochlariga oq oralagan ota-onamizning yanada cho‘kib, keksayib qolganlarini sezmay qolamiz. Va bir kuni... atrofimizni faqat sovuq va sukunat qoplagandagina kech anglaymiz.
Gohida telefoningizga kelgan o‘sha oddiy xabar haqiqatan ham eng oxirgisi bo‘ladi. Gohida «keyin gaplashamiz» deya aytilgan so‘zdan so‘ng, o‘sha «keyin» hech qachon kelmaydi.
Yoningizdagi insonlarning tirikligida, nafas olib turganida qadriga yeting. Ko‘ksingizni to‘ldirib turgan soxta g‘ururni yengib, birinchi bo‘lib qadam tashlang: «Kel, urushmaylik, sen men uchun azizsan», deyishga kuch toping. Chunki bu dunyoda haq bo‘lib chiqishdan ko‘ra armonlarsiz, baxtli yashash muhimroqdir.
Akbarshoh RASULOV