Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2026   |   6 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:47
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2026, 6 Zulhijja, 1447

2019 yil uchun zakot, fitr va fidya nisoblari e’lon qilindi

06.05.2019   14027   2 min.
2019 yil uchun zakot, fitr va fidya nisoblari e’lon qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2019 yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha

QARORI 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy     2019 yil (hijriy 1440 yil) uchun ZAKOT nisobi 1 gramm tilloning bugungi kunda bozorlarimizdagi o‘rtacha narxi 200 000 (ikki yuz ming) so‘m ekanligini e’tiborga olib, zakot nisobi 85 (sakson besh) gramm tillo, ya’ni 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘m deb belgilangani va mazkur summaning qirqdan bir (1/40) hissasi, ya’ni 425 000 (to‘rt yuz yigirma besh ming) so‘mni zakot niyatida chiqarilishi haqidagi xulosasi ma’qullansin.

Ma’lumki, fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban () 4 kilogrammdir.

Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:

2 kilogramm bug‘doydan 6 000 (olti ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm arpadan 10 000 (o‘n ming) so‘m;

2 kilogramm mayizdan 70 000 (yetmish ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm xurmodan 100 000  (yuz ming) so‘m bo‘ladi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.

Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 15 000 (o‘n besh ming) so‘m, deb belgilansin.

 

O‘zbekiston musulmonlari

idorasi raisi, muftiy                                         Usmonxon ALIMOV

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qurbonlik: shartlari, odoblari va vaqti

21.05.2026   11369   7 min.
Qurbonlik: shartlari, odoblari va vaqti

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin

 

Qurbonlik lug‘atda “yaqinlashmoq”, “yaqin bo‘lmoq” ma’nolarini bildirib, istilohda bu so‘z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so‘yishni anglatadi.

Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilardilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ‘ib etardilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Har kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lsa-yu, qurbonlik qilmasa, vafotidan keyin majusiylar yoki nasroniylar qatorida tiriladi”, dedilar.

 

Qurbonlik tarixiga bir nazar

Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan bo‘lsada, lekin uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Qurbonlik qilishdan maqsad nima?

Qurbonlik qilishdan maqsad banda o‘zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so‘ygan hayvonning go‘shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (Haj surasi, 37-oyat).

Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko‘rsatadi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo‘ladi.

Allohga har qancha shukr qilsak, shuncha oz. Xolis Allohning O‘zi uchun ibodat qilib, namoz o‘qish, faqat Allohning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.

Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.

 

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.

1. Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib kofir unga ahl emas (Badoye’us sanoye’).

2. Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi (Al bahrur roiq).

3. Nisob egasi bo‘lish.

4. Muqim bo‘lish. Musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham. Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musofir zimmasiga qurbonlik vojib emas”.

 

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so‘yish bilan ado topadi:

Qo‘y (qo‘y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuyadir. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi.

Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilishlari mumkin. Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi shart.

Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To‘rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko‘zi ko‘rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho‘loqligi zohir cho‘loq va o‘rnidan tura olmaydigan o‘ta ozg‘in hayvon”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

 

Qurbonlik qilish vaqti

  • qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi.
  • hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi.

 

Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?

Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so‘yish orqali ado etiladi. Jonliqni so‘ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag‘ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir” (Badoye’us sanoye’).

 

Qurbonlik odoblari

Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:

Avvalo – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Boshqalar “ko‘rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo‘ladi.
Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi. Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sizlardan birortangiz qurbonlik qilishni iroda qilsa, sochiga va terisiga hech narsa tekkizmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.
To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zi so‘ymasdan, boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.
Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.
Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya qilish.

Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tamondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.

Alloh taolo qilayotgan har bir amalimiz qatorida ushbu qurbonliklarimizni ham O‘zining rizoligi uchun qilingan ibodatlar qatorida qabul aylasin!

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar