Ramazon oyi
Muborak Ramazon oyi Alloh taoloning nazdida yilning eng afzal oyidir. Bu oy musulmonlar uchun hasanotlarini, savoblarini ko‘paytirish mavsumidir. Ramazonning ro‘zasi balog‘atga yetgan, aqlli musulmonning zimmasida farzdir. Ushbu ro‘zani tutmaslik Alloh taolo ruxsat bergan kishilargagina mumkindir. Ular bemor bilan musofirdir. Ularning ro‘za tutmasligiga ruxsat bo‘lishi uchun bemorning kasali kuchayishi, tuzalishi ortga surilishi yoki o‘lim xavfi yuzaga kelishi kerak. Musofirga esa agar ro‘za tutsa, safar asnosida mashaqqat bo‘lib, safari og‘irlashishi kerak. Agar mazkur holatlar bo‘lmasa, bemor ham, musofir ham ro‘za tutadi.
Alloh taolo Karim Zotdir. Ro‘za uchun beradigan savobi ulkan bo‘lib, miqdori qanchaligini O‘zidan boshqa hech kim bilmaydi.
Shunday ulug‘ oyda qilinadigan buyuk amallarni quyida keltirib o‘tamiz:
Ro‘za
Sahih ro‘za musulmonning bu oyda ado etadigan eng afzal amallaridan biridir. Ro‘za – niyat bilan taom, ichimlik va jimo’dan tiyilishdir. Bundan tashqari yolg‘on gapirishdan, g‘iybatdan, chaqimchilikdan, haromga nazar solishdan, harom narsalarga quloq solishdan va barcha yomon illatlardan tiyilish ham kiradi. Ro‘zador odam ko‘zini va qulog‘ini, tilini, umuman, barcha a’zolarini haromdan tiyish shartdir. Hadislarda ro‘zador odam gunohlardan tiyilmasa, a’zolarini haromdan tiymasa, unga faqat och qolish va chanqashgina qolishi aytilgan.
Qur’oni Karim qiroati
Musulmon kishi Ramazon oyida Qur’oni Karim tilovati bilan vaqtini o‘tkazishi eng afzal amallardandir. Qori o‘qigan har bir harf uchun hasana oladi. Bir hasana o‘ntaga ko‘paytirib beriladi. Ro‘zador kishi uxlab, televizor ko‘rib, behuda gap-so‘zlar bilan vaqtini o‘tkazish o‘rniga Qur’on qiroatiga berilishi, uni yodlash, ma’nolarini tadabbur qilish bilan vaqtini o‘tkazishi lozimdir. Zero, Ramazon Qur’on nozil bo‘lgan oydir.
Sadaqa
Oddiy kunlarda sadaqa qilish Alloh taologa mahbub amallardan biridir. Ramazonda esa bu amalning savobi yanada ko‘payadi. Sadaqaning turlari ko‘p. Masalan, faqirlarga taom berish, mol bilan sadaqa qilish, libos sadaqa qilish yoki kimning nimaga ehtiyoji bo‘lsa, o‘sha narsani sadaqa qilish. Ayniqsa, saharlik va iftorlikda yegulik topishga qiynaladigan kambag‘allarga taom va boshqa yeguliklar sadaqa qilish yoki shuning pulini berish ayni muddaodir.
Qiyomul layl
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida tahajjud namozini aslo qoldirmas edilar. Chunki bu oyda qilingan nafl ibodatga boshqa oylardagi farz ibodatning savobi beriladi. Masjidlarda taroveh namozini imom bilan birga jamoat bo‘lib ado etgan kishi ham kechani bedor o‘tkazgan hisoblanadi. U zot alayhissalom bu oyning oxirgi o‘n kunlarida masjidda e’tikof o‘tirardilar. Chunki, oxirgi o‘n kunlikda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan qadr kechasi bordir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini bu oyning kechalarini ibodat ila bedor o‘tkazishga targ‘ib qilganlar.
Umra
Ramazon oyida umra qilish haj qilganlik savobiga teng deyiladi. Kim bu oyda umra qilishga imkoni bo‘lsa, umra qilsin, zero bunda katta ajr bordir.
Allohning zikri
Allohni zikr qilish ulug‘ amaldir. Zikr deganda Allohni “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Laa ilaaha illalloh”, “Allohu akbar”, “Astag‘firulloh” kabi lafzlar bilan yoki namoz o‘qib, Qur’on tilovat qilib zikr qilishga aytiladi. Shu amallarni Ramazon oyida qilish esa savobning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Og‘iz ochish paytida ko‘p duo qilishga urinish kerak. Bu paytda qilingan duo ijobat bo‘lishi xabarlarda aytilgan.
Silai rahm
Silai rahm – qarindoshlar bilan aloqani bog‘lashdir. Bu amal oddiy kunlarda ham juda savobli, insonning umri, rizqi barakali bo‘lishi sabab bo‘ladi. Ammo shu amalni Ramazon oyida bajarilsa, savobi ham, umrga, rizqqa keladigan baraka ham ziyoda bo‘ladi.
Manba: mawdoo3.com
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati