Ramazonning ilk oqshomi diyorimizning 2050 dan ziyod masjidda taroveh namozlari, 1200 dan ortiq jome masjidlarda xatmi Qur’on boshlandi. Jome masjidlarga yig‘ilgan ming minglab namozxonlar xofiz qorilarning chiroyli sovt va xushovozlik bilan o‘qigan Qur’oni Karim tilovotlaridan bahramand bo‘ldilar.
Bu kecha “Hazrati Imom” jome masjidida ham taroveh namozida Haq taolo kalomini xatmi boshlandi. Masjidga asta-sekin ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda taroveh namozida Allohning muborak kalomiga some bo‘lishni intiqlik bilan kutgan namozxonlar kirib kela boshladilar. Bir zumda masjid Qur’on muxlislari bilan to‘lib toshdi.
Dastlab, muftiy hazratlari muborak Ramazon oyi bilan barchani tabriklab, duolar ijobat bo‘ladigan damlarni g‘animat bilish, yurtning tinch-osoyishtaligi xotirjam ibodat qilish garovi ekanini ta’kidlab, yaratgandan bu ne’matlarni yanada ziyoda qilishini so‘rab, duo qildilar. So‘ngra taroveh namozi boshlanib, Kalomullohning tilovati qalblarga surur va farah baxsh etdi.
Taroveh namozi o‘qib bo‘lingach, namozxonlar muftiy hazrat bilan baralla duoga qo‘l ochib, Ramazoni sharifga yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytishdi. Hamda Yaratgandan yurtimiz tinchligini, osmonimiz musaffoligini, xalqimiz bundanda farovon bo‘lishini so‘rashdi. Zero, namoz so‘ngida qilingan duo va iltijolar mustajobdir.
Rahmat dahasining dastlabki oqshomi, taroveh namozining o‘ttizidan biri orqada qoldi. Qur’on muxlislari – namozxonlar bu oyni daqiq bilib, tillarida istig‘for bilan, birin-ketin uylariga qayta boshladilar. Alloh taolo bu oyni barchamizga muborak, o‘ylaganimizdan ham barakali qilsin.






















O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati