Qur’oni karimning “Hadid” surasi, 21-oyatida: “Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning Payg‘ambarlariga imon keltirganlar uchun tayyorlangan, kengligi osmonu yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing. Ana o‘sha Allohning fazli. Kimga xohlasa beradi, Alloh ulug‘ fazl egasidir”, deb marhamat qilingan.
Ushbu oyatga amal qilgan holda mo‘min-musulmonlarga amru ma’ruf va nahyi munkar qilish, ilm-ma’rifat tarqatish yo‘lida Ramazon oyining fazilatlarini tushuntirish, rahmat va mag‘firat oyi ekanini yetkazish, Islom ma’rifatini keng ulashish maqsadida, Muslim.uz portalida “Oylar sultoni – Ramazon!” nomli maqolalar tanlovi e’lon qilindi.
Musobaqa 2019 yil 5 maydan 5 iyungacha davom etadi.
Tanlovga yuboriladigan maqolalar ramazon2019y@mail.ru elektron pochtasi yoki telegram messenjerida ochilgan @Ramazon2019Bot orqali jo‘natiladi va maqolalarga quyidagi shartlar qo‘yiladi:
- internet nashrlarida ko‘p e’lon qilingan maqolalarga o‘xshash bo‘lmasligi, balki tahliliy jihatlarga alohida e’tibor qaratish;
- ro‘zaning foydalari, uning ruhiy tarbiyaga oid jihatlari, hayotiy hikmatlari va ro‘zaga nisbatan rag‘bat uyg‘otish;
- uslubiy va imlo xatolarsiz hamda yuqori saviyada tahrir qilingan bo‘lishi talab etiladi;
- hadislar va rivoyatlar sahihligiga e’tibor qaratish, uydirma ma’lumotlardan saqlanash;
- internet yoki boshqa nashrlarda e’lon qilingan maqolalarni ko‘chirib olingan materiallar tanlovda ishtirok etmaydi;
- Yuborilgan maqolalar tanlov shartlariga javob bersa Muslim.uz portalida "Tanlovga!" degan yozuv ostida e’lon qilinadi.
Tanlov g‘oliblari hakamlar tomonidan aniqlanadi va 2019 yilgi muborak Ramazon hayiti arafasida e’lon qilinadi.
Tanlovning uch nafar g‘olibiga quyidagi mukofotlar topshiriladi:
3-o‘ringa – Smartfon.
2-o‘ringa – Planshet.
1-o‘ringa – Noutbuk kompyuteri.
Barcha qalami o‘tkir ijodkorlarni tanlovda ishtirok etib, dinimiz ma’rifatini tarqatish borasidagi ajru savobga va homiylarimiz tomonidan taqdim etiladigan mukofotlarga sazovor bo‘lishga da’vat etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan