Alloh taologa behisob shukrki, har yili Ramazoni sharif kirib kelishi bilan yurtimiz masjidlari xatmi Qur’on sadolari ila burkanadi. Yildan-yilga masjidlarimizda xatmi Qur’onlar ziyoda bo‘lib, tartib va o‘zgacha tarovatda o‘tmoqda.
Bu yili Respublikamiz bo‘yicha 1220 masjidda tarovih namozlarida Allohning kalomi boshdan oxir o‘qilib, xatmi Qur’on qilinadi. Ularda jami 2038 nafar qorilarimiz ishtirok etadi.
Jarayon shuni ko‘rsatmoqdaki, yildan-yilga diyorimizda Qur’on hofizlari ko‘payib bormoqda. Ma’lumot uchun, o‘tgan 2018 yilda 1149 masjidda xatmi Qur’on o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 1860 nafar qori qatnashgan edi.
Shuningdek, har yilgidek xorijiy davlatlarning takliflariga binoan qorilarimiz xatmi Qur’onlarda ishtirok etadilar. Bu shubhasiz, Yaratgan Robbimizning xalqimizga bergan eng ulug‘ in’omidir.
Xatmi Qur’onlarga marhabo!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati