Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va u payg‘ambarlarning sunnatlaridandir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
BMT Bosh Assambleyasi har yilning 15 oktyabr sanasini “Xalqaro qo‘l yuvish kuni” deb e’lon qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, shayton Allohning ismi zikr qilinmagan taomni o‘ziga halol hisoblaydi”, deganlar.
Shayton Alloh taoloning ismini aytmay yeyayotgan odamga sherik bo‘ladi. Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki taom ustida Alloh zikr qilinsa, shayton sheriklariga: «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar Alloh zikr qilinmasa, shayton: «Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi (Imom Buxoriy rivoyati).
Agar ovqatlanishning avvalida "bismillah"ni aytish yoddan ko‘tarilsa, esga tushganda: “Bismillahi fiy avvalihi va axirihi”, deyish lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chap qo‘l bilan yemanglar! Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramog‘idagi bola edim. Qo‘lim tovoqqa borib-kelardi. Shunda u zot alayhissalom menga: "Ey g‘ulom! "Bismillah" degin, o‘ng qo‘ling bilan yegin, o‘z oldingdan yegin!" dedilar. Shundan so‘ng yeyishim shunday bo‘ldi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangizdan bir luqma tushib ketsa, undagi zararni ketkazsin, so‘ngra yesin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biringizning yeguligingiz yerga tushib ketsa, uni ko‘tarib, sirtini begona narsalardan tozalab yesin, nasibasini shaytonga qoldirmasin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Aston universiteti professori Entoni Xilzning olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yerga tushib ketgan yegulikni besh soniya ichida yerdan olib iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmaydi.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng barmoqlarni yalab qo‘yish haqida bunday deganlar: "Qo‘lini artmay turib yalab qo‘ysin. Darhaqiqat, u baraka qay birida ekanidan bexabardir".
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men suyangan holimda yemayman", deganlar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).
Anas roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar". Shunda sahobalar: "Tik turib yeyish mumkin-mi?" deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: "U yana ham og‘irroq", dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom va sharobga puflashdan qaytardilar" (Imom Ahmad rivoyati).
Bir jamoa odamlar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ovqatlanamiz, ammo hech to‘ymaymiz", deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlar alohida-alohida ovqatlanasiz-mi?" deb so‘radilar.
Ular: "Ha, shunday", deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Taomingizga (birgalikda) to‘planing va Allohning ismini zikr qiling. (Shunda) baraka beriladi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqat yeb bo‘lsalar: “Alhamdulillahillaziy at’amana va saqona va ja’alana muslimiyn” (Bizlarni ovqatlantirib, sug‘orib va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin) deb aytardilar.
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishimizga va unda bardavom bo‘lishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi