Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Ovqatlanishdagi 12 sunnat

2.05.2019   6103   6 min.
Ovqatlanishdagi 12 sunnat
  • Ovqatlanishdan oldin qo‘lni yuvish.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va u payg‘ambarlarning sunnatlaridandir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

BMT Bosh Assambleyasi har yilning 15 oktyabr sanasini “Xalqaro qo‘l yuvish kuni” deb e’lon qilgan. 

  • “Bismillah” ni aytish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Albatta, shayton Allohning ismi zikr qilinmagan taomni o‘ziga halol hisoblaydi”, deganlar.

Shayton Alloh taoloning ismini aytmay yeyayotgan odamga sherik bo‘ladi. Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki taom ustida Alloh zikr qilinsa, shayton sheriklariga: «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar Alloh zikr qilinmasa, shayton: «Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi (Imom Buxoriy rivoyati).

Agar ovqatlanishning avvalida "bismillah"ni aytish yoddan ko‘tarilsa, esga tushganda: “Bismillahi fiy avvalihi va axirihi”, deyish lozim. 

  • O‘ng qo‘l bilan yeyish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chap qo‘l bilan yemanglar! Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi, deganlar (Imom Muslim rivoyati). 

  • Taomni o‘z oldidan yeyish.

Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramog‘idagi bola edim. Qo‘lim tovoqqa borib-kelardi. Shunda u zot alayhissalom menga: "Ey g‘ulom! "Bismillah" degin, o‘ng qo‘ling bilan yegin, o‘z oldingdan yegin!" dedilar. Shundan so‘ng yeyishim shunday bo‘ldi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati). 

  • Tushib ketgan luqmani olib, yeyish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangizdan bir luqma tushib ketsa, undagi zararni ketkazsin, so‘ngra yesin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biringizning yeguligingiz yerga tushib ketsa, uni ko‘tarib, sirtini begona narsalardan tozalab yesin, nasibasini shaytonga qoldirmasin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Aston universiteti professori Entoni Xilzning olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yerga tushib ketgan yegulikni besh soniya ichida yerdan olib iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmaydi. 

  • Ovqatni uchta barmoq bilan yeyish va barmoqlarni yalab qo‘yish. Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo‘llarini artishdan oldin ularni yalar edilar" (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng barmoqlarni yalab qo‘yish haqida bunday deganlar: "Qo‘lini artmay turib yalab qo‘ysin. Darhaqiqat, u baraka qay birida ekanidan bexabardir". 

  • Ovqatni ayblamaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon ovqatni yomonlamaganlar, yoqtirsalar yeganlar, yoqtirmasalar yemaganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). 
  • Ovqatni yonboshlab, tik turib tanovul qilmaslik.

Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men suyangan holimda yemayman", deganlar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).

Anas roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar". Shunda sahobalar: "Tik turib yeyish mumkin-mi?" deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: "U yana ham og‘irroq", dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati). 

  • Ovqatga puflamaslik.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom va sharobga puflashdan qaytardilar" (Imom Ahmad rivoyati). 

  • Ovqatni qorin to‘yguncha yemaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamzot qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagandir. Aslida, unga qomatini tiklab turadigan ovqat yetarlidir. Agar zarurat bo‘lsa: qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafas olishi uchun bo‘lsin!” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja: rivoyati). 
  • Jamoat bo‘lib ovqatlanish.

Bir jamoa odamlar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ovqatlanamiz, ammo hech to‘ymaymiz", deyishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlar alohida-alohida ovqatlanasiz-mi?" deb so‘radilar.

Ular: "Ha, shunday", deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Taomingizga (birgalikda) to‘planing va Allohning ismini zikr qiling. (Shunda) baraka beriladi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). 

  • Ovqatlanib bo‘lgach Alloh taologa hamd aytish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqat yeb bo‘lsalar: “Alhamdulillahillaziy at’amana va saqona va ja’alana muslimiyn” (Bizlarni ovqatlantirib, sug‘orib va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin) deb aytardilar.

Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishimizga va unda bardavom bo‘lishimizga tavfiq ato etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi

8.01.2025   2910   1 min.
Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi

Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.


O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi. 


Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 


Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi Malakasi oshirilgan pedagog-o‘qituvchilarga sertifikat berildi