Muborak ramazon oyi kirib kelayotgan farahbaxsh pallada “Movarounnahr” nashriyoti ijodiy xodimlari yana bir savobli ishga qo‘l urdi. Nashriyot “Rahmat oyi Ramazon” risolasini o‘n ming adadda chop etdi.
Risolaga so‘z boshi yozgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ro‘zaning asl mazmunini qisqa ifodada soddagina qilib tushuntirib o‘tganlar: “Har bir a’zoning o‘z ro‘zasi bor. Qalbning ro‘zasi Alloh taoloning zikridan to‘sadigan narsalarga berilishdan xoli bo‘lish; ko‘zning ro‘zasi yomon, qaytarilgan narsalarga qaramaslik; tilning ro‘zasi yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, fahsh gaplar, xusumat, maqtanchoqlik, befoyda – lag‘v so‘zlardan tiyilib, Alloh taoloning zikri va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lish; quloqning ro‘zasi eshitish mumkin bo‘lmagan barcha narsalarni eshitmaslik; qo‘l va oyoqlarning ro‘zasi gunoh ishlarga borishdan va ularni qilishidan saqlanishdir”.
Demak, ana shu ishlarni joyiga keltirib bajara olgan odam ro‘zasini mukammal tutib, gunohlaridan forig‘ bo‘ladi hamda ko‘pdan-ko‘p savoblar topadi.
Risolada ro‘zaning bircha jihatlari qamrab olingan va mavzular bo‘yicha yoritilgan. Ro‘zaga oid oyati karimalar, hadisi shariflar bilan boshlangan risola ro‘zaning tibbiy foydalari bilan davom ettirilgan. Ro‘zaning farzlari, ro‘zani buzadigan, buzmaydigan hollar; ro‘zani qasdan buzishning kafforati, ro‘zadorga makruh amallar, ro‘za tutmaslikka uzrli hollar, uzrlilar; ro‘zador axloqi; Qadr kechasining fazilati, fitr sadaqasi, Hayit namozi, ro‘zaga doir fatvolar haqida atroflicha ma’lumotlar berilganidan so‘ng risola ro‘zaga doir savol-javoblar hamda ramazon ma’lumotnomasi bilan nihoyasiga yetkazilgan.
Risola ro‘zasini chiroyli tutishni niyat qilib turgan mo‘min-musulmonlar uchun nihoyatda ajoyib qo‘llanma vazifasini o‘taydi, inshoalloh!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati