Olimlarning “Ko‘z yoshi sirlari va yig‘ining foydalari” haqida olib borgan tadqiqotlari xulosasida aytilishicha, yig‘i insondagi ba’zi ruhiy iztiroblarga ijobiy ta’sir qilib, tushkunlik va depressiyaga qarshi kurashda samarali ta’sir ko‘rsatar ekan. Shuningdek, ko‘z yoshi ko‘zni chang va bakteriyalardan tozalaydi, yuqori va pastki qovoqlarning erkin harakatlanishiga yordam beradi, ko‘zni muntazam namlab, qurib qolishining oldini oladi, ko‘z qorachig‘ining shaffofligini ta’minlaydi, ko‘rish ravshanligi va quvvatini oshiradi. Bundan tashqari tanadagi og‘riqni kamaytirishda ham ko‘z yoshining o‘rni bor.
Alloh taolo bizga O‘zidan qo‘rqib yig‘lash ne’matini ato etgan. Agar inson Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lasa, xotirjamligi va ixlosi ziyoda bo‘lar ekan. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَيَخِرُّونَ لِلأَذْقَانِ يَبْكُونَ وَيَزِيدُهُمْ خُشُوعاً
“Va yuzlari ila yiqilib yig‘larlar va u xokisorliklarni ziyoda qilur” (Isro surasi, 109-oyat).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishi, to sut yelinga qaytgunicha, do‘zaxga kirmaydi”. Termiziy rivoyati.
Ma’lumki, tuya, sigir, qo‘y kabi hayvonlardan sog‘ilgan sut hech qachon yelinga qaytmaydi. Demak, Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lagan kishi do‘zaxga kirmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki ko‘z borki, ularga do‘zax o‘ti tegmaydi. Bular: Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z va Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib, bedor holda tong ottirgan ko‘z”. Termiziy rivoyati.
“Ko‘zga do‘zax o‘ti tegmaydi” degani o‘sha ko‘zning sohibiga do‘zax olovi tegmaydi deganidir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo shunday dedilar: “Allohdan qo‘rqib ko‘z yoshi to‘kishim men uchun ming dinorni sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir”.
Buyuk sahobiyning bu hikmatlari ham Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lashning savobi, fazilati qanchalik ulug‘ligini ko‘rsatib turibdi. Alloh taolodan qo‘rqib ko‘z yoshi to‘kish ming dona tilla tangani sadaqa qilishdan yaxshiroq ekan.
Alloh taolo bizni O‘zidan qo‘rqib yig‘laydigan va buning natijasida iymon nuri, xushu’si ziyoda bo‘ladigan bandalaridan qilsin, omin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.