Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

2.05.2019   2658   2 min.
Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

 

q a r o r i

 

Tobora rivojlanib, chiroy ochib borayotgan jonajon Vatanimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamlash, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ushbu oyda islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalari hamda insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida:

 

1. 2019 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 6 may kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhida har tomonlama munosib o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda:

 

joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e’zozlash, hozirgi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjixat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etishga;

 

muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

 

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

 

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

 

Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV

 

Toshkent shahri,

 

2019 yil 1 may

 

 

O‘zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   2468   2 min.

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV