Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

Yusuf alayhissalom – haqiqiy iffat timsoli

01.05.2019   3095   16 min.
Yusuf alayhissalom – haqiqiy iffat timsoli

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Yusuf alayhissalomning e’tirofi ummat uchun dars

Shu joyda ko‘pchilikni o‘ylantiruvchi, mulohazaga chorlovchi bir masala bor. U ham bo‘lsa Yusuf alayhissalom tilga olgan nafsning mohiyatiga oid mavzudir. Barcha gunohlardan ma’sum Payg‘ambarning nafsini malomat qilib oqlamayotgani, uning yomonligini tan olib, e’tirof etayotgani bir oz bo‘lsa-da, haqli mulohazani keltirib chiqaradi. Ya’ni qanday qilib Allohning payg‘ambaridek ma’sum bir zot nafsimni oqlamayman, uning yomonligini tan olaman, deb aytishi mumkin? Bu mulohaza har doim shu surani o‘qigan kishining aqlida paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Islom ulamolari Allohning ulkan marhamati yashiringan mazkur oyati karimaning tafsirida payg‘ambar nafsidagi aynan shu holatni juda chiroyli tarzda izohlab beradilar.

Jumladan, buyuk mufassirlardan Faxriddin Roziy rohimahulloh «Tafsiri kabir»da Yusuf surasining «O‘zim (nafsim)ni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka undovchidir...» mazmunidagi 53-oyatini quyidagicha tafsir etadilar:

 «Nafs aslida bir narsadir. Faqat u har xil sifatlarga kirib turadi. Agar dunyoga bo‘lgan aloqsi uzilib ilohiy olamga bog‘lansa, «nafsi mutma’inna» deb ataladi. Shahvatga ergashib, g‘azab uning ustidan g‘olib kelsa o‘z egasini yomon ishlarni bajarishga undovchi «nafsi ammora» bo‘ladi. Bu nafsning tabiatiga xos holatdir. Mufassir oyati karimadagi «Robbim rahim qilmasa» ifodasiga tayanib, toat va iymon Alloh taolodan kelishini va Uning rahmatisiz nafsning yomonliklaridan qutulish mutlaqo mumkin emasligini ma’lum qiladi. Bu yerdagi eng nozik nuqtalardan biri “nafsi ammora”ning Yusuf alayhissalom tomonidan qo‘lanish tarzidir. Ya’ni oyati karimada bildirishicha, deydi mufassir, yaxshi va yomon barcha insonlarning nafslari tabiatan yomon ishlarni bajarishga moyil ekani bayon etilmoqda. Chunki payg‘ambarligi sabab, barcha gunohlardan pok bo‘lgan Yusuf alayhissalom ham «Nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka undovchidir...» deb aytmoqda.

Demak, yomon ishlar bajarishni qattiq xohlab turish bu nafsning tabiatiga xos holat ekan. Oyatda bayon etilganiga ko‘ra, Allohning amrlariga bo‘yin egib, ilohiy rahmat soyasiga sig‘ingan kishilargina nafs orzu qilgan ishlarni bajarishdan o‘zlarini tiya oladilar. Yaxshilikka moyili bor bunday insonlarda nafsning yomon orzulariga bo‘lgan ishtiyoqi zaifroq bo‘ladi. Bunday nafsning zarari ma’lum vaqtdan keyin qalbga ta’sir qila olmaydigan kelib-ketuvchi tuyg‘ularga aylanib qoladi. E’tibor bering, podshoh Azizning xotini Yusuf alayhissalomni chaqirganida unga javob bermay, bu yomonlikdan Allohga sig‘inib, panoh so‘radi. Aslida nomahram ayolning chaqiruviga rad javobini berishga ilhomlantirgan narsa Yusuf alayhissalom nafsi tabiatida mavjud bo‘lgan “kuchli xohish” xususiyatidir. Buni o‘zi ham e’tirof etib: «O‘zimni oqlamayman...» demoqda. Ya’ni Yusuf alayhissalomdek, Allohning payg‘ambari ham nafsining tabiatida xuddi shunday «xohish» borligini tan olmoqda. Biroq, Allohdan panoh so‘ragani tufayli ilohiy rahamtga noil bo‘lib, bu «xohish» kelib ketuvchi nafsoniy tuyg‘uga aylanib, unga hech qanday zarar yetkazmadi, deb izohlaydi Faxriddin Roziy rohimahulloh.

Nafsning xuddi shu tabiatiga etibor qaratgan yana bir mashhur mufassir Ibn Jarir at-Tabariy rohimahulloh ham «yomonlikka boshlaydigan nafs barcha insonlarga oid nafs», ya’ni hamma odamlarda mavjud bo‘lgan nafs ekanini ma’lum qiladi. Bunday holatdagi nafsning orzusi Alloh taoloning rizoligi yo‘q bo‘lgan ishlarni bajarishdan iborat bo‘ladi. Allohning ilohiy rahmatidan nasibasi yo‘q insonlar nafsning bu xohishlaridan qutula olmaydilar, deydi mufassir.

Oyati karimaning dalolat qilishicha, nafs har bir insonning ichida mavjud bo‘lgan borliqdir. Yana eng muhim jihati, u har doim insonga qarshilik ko‘rsatish, dushmanlik qilish payida ekan. Qur’oniy ta’limot va sunnatlarda bildirilgan ko‘rsatmalarga asoslanib, Islom ulamolari nafs dushmanligini kichkina deb qaramaslikka buyuradilar. Aksincha, nafsni pahlavon yigitlar yuragini yoradigan darajada qo‘rqinchli borliq deb tasavvur qilishga chaqiradilar. Sababi, agar nafs tarbiya qilinmasa u hech qanday chegara va rahm-shafqatni bilmaydi. Qanday qilib bo‘lmasin o‘zining xohish-istaklariga erishishga harakat qilaveradi. Buning naqadar xunuk oqibatlarga olib kelishini yashab turgan shu hayotimizda juda ham aniq misollarda ko‘rib turibmiz. Mavlono hazrat nafsning mana shunday inson payqamaydigan hiylalariga ishonish kerak emasligini, uning yomonlik ko‘rsatuvchi xislati hech qachon yo‘q bo‘lib ketmasdan saqlanib qolishini «Masnaviy»dagi ilon o‘ynatuvchining misolida juda ham chiroyli qilib tushuntirib beradi.

O‘z boshini yegan ilon o‘rgatuvchi

Qish kunlarining birida bir ilon o‘rgatuvchi qorli tog‘larda katta ilon qidirib yurardi. Shu payt o‘lib yotgan ajdahodek keladigan katta bir ilonga duch keldi. Haybatining o‘zi kishini qo‘rqitib yuborar edi. Odamlarni hayratga solish va ko‘p pul yig‘ish uchun uni yaxshilab o‘rab bog‘laydi va sudrab Bag‘doddagi bozorlardan biriga olib keladi. «O‘lgan ajdahoni keltirdim, uni ov qilishda juda ham mashaqqat chekdim», deb jar solardi. Aslida esa bu bahaybat ilon o‘lmagan edi, balki qishning qattiq sovug‘idan karaxt holga kelib qolgan edi. Tirik, lekin joni chiqqanga o‘xshardi. Ilon o‘rgatuvchining ovozini eshitgan olomon atrofiga jam bo‘la boshladi. U esa ko‘proq odam yig‘ilsa, ko‘proq pul yig‘aman, deb o‘ylardi. U gilamga o‘rab, ustidan bog‘lab tashlangan ilonni go‘yo ochmoqchi bo‘ldi, bu esa odamlarni yanada qiziqtirar edi. Sovuqdan muzlab qolgan ilon gilamga o‘ralgan edi. Ovchi esa uni xuddi ajdahoni boylagandek arqon bilan boylab tashlab, odamlar ko‘proq yig‘ilsin, deb tugunlarini ochmay turgandi. Sovuqda uvishib qolgan ilon qishning kuchsiz taralayotgan quyoshi nuridan bir oz taft olib, qimirlagandek bo‘ladi. Buni ko‘rgan olomon esa qo‘rquvdan har tomonga qochishdi. Qiy-chuvdan o‘ziga kelgan ajdaho seskanib ketib, iplarini uza boshlaydi. Qo‘rquvdan chopayotgan odamlar bir-birlarini ustidan yurib ketib ayrimlari jon ham taslim qiladi. Ilon o‘rgatuvchi esa men o‘zi nima olib keldim, deb turgan joyida qotib qoldi. O‘ziga kelib qochishga tushgandi ilon uni tutib olib o‘ldirdi. Hikoyaning oxirida Mavlono hazrat shunday xulosa qiladi: «Ey, inson bolasi! Sening nafsing ham bir ajdahodir! O‘lganga o‘xshagani bilan u o‘lmagandir. Gunoh qilishga fursat topa olmaganidan qayg‘uga botib, uvishib turibdi, aslida esa fursat poylamoqda! Nafs kuch yig‘sa, fursat topsa, Fir’avnligini boshlaydi. Yuzlab Muso va Horun kabilarning yo‘lini to‘sib tashlaydi! Shunday ekan, uning hech bir hiylasiga ishonma!...»

Nafs tarbiyasida ulamolarning tavsiyalari

Darhaqiqat, nafs «ajdaho»sini zaif deb o‘ylamaslik lozim, uni mahv etish uchun Muso kerak. Ming-minglab odam bu ajdahoning qurboniga aylanmoqda. U uvishib yotganida hammamiz misoli Musomiz, toatu ibodatda hammaga o‘rnak bo‘lamiz, go‘yo nafsimizni yenggandek sog‘-salomat yuramiz. Lekin nafsimiz uyg‘onsa, undan qutulishimiz qiyin bo‘ladi. Ko‘z-ochib yumguncha aqlimizga kelmagan manfur ishlarni qilib, bularni gunoh ekanini unutib qo‘yamiz. Keyin nafsimizni har qancha malomat qilmaylik u allaqachon maqsadiga erishib, dushmanligini qilib bo‘lgan bo‘ladi. Ulamolar nafsning mana shunday ajdaho xislatiga eng boshda namozlarni o‘z vaqtida komil ado etish, keyin Allohning do‘stlari suhbatlariga bardavom bo‘lish va ko‘p hollarda ochlik bilan zarba berish mumkin deydilar. Namozni o‘z vaqtida komil ado etishni hammamiz yaxshi bilamiz, yetuk olimlarning suhbatlaridan foydalanish esa ancha muammo bo‘lib qolgan. Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan islom olamining yetuk namoyandasi, shar’iy bilimlarning haqiqiy olimi va tariqat shayxi muftiy  Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh mudarris va ilmi toliblar bilan uchrashuvlarida aynan shu masalaga ko‘p e’tiborlarini qaratdilar. «Zohiriy va botiniy diniy ilmlarda yetuk bo‘lgan ulamolarning suhbatlarida bardavom bo‘lib, olgan ilmlarga qat’iy amal qilishgina insonni haqiqiy maqsadga yetkazadi», – dedilar shayx hazratlari. Darhaqiqat, ilmiga omil bo‘lgan Alloh do‘stlarining suhbatlari inson qalbi eshiklarini ochib, haqiqatlarni tushunib yetishiga, nafsning  qanchadan-qancha kirdikorlarini isloh etilishiga katta yordam berishi, ilohiy fayzlardan bahramand bo‘lishi kitoblarimizda yozilgandir. Buyuk valiylardan Yahyo ibn Ma’oz Roziy rohimahulloh shunday deydi: «Avliyoning suhbatida bo‘lgan kishi shaytonning dastidan qutuladi, har doim Alloh bilan birga bo‘ladi». Shu sababdan ham Alloh do‘stlarining nafs tarbiyasidagi ayrim tavsiyalarini keltirib o‘tishni lozim deb topdik. Navbatdagi vazifa nafsni ochlik bilan jazolashdir. To‘g‘ri, nafsning yeyish, ichish, dam olish kabi asliy ehtiyojlari bor. Shulardan boshqa uning poyonsiz, yashirin orzu-havas va istaklari yo‘lini berkitish, xohishlarini rad etish nafs riyozati bo‘ladi. Riyozatning bu turi nafs tarbiyasidagi eng birinchi qadam bo‘ladi. Keyingisi nafs xohlamagan narsalarni unga bajartirish bo‘ladi. Bu bosqich esa nafs mujodalasi deyiladi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadi: «Kim nafsini boshqarishdan ojiz bo‘lsa, haqiqiy ojiz o‘shadir».

* * *

Boyazid Bistomiy quddisa sirrahudan so‘radilar:

– Nafingizga berilgan eng yengil jazo nima?

– Bir marta nafsim menga itotsizlik qildi. Unga jazo tariqasida bir yil umuman suv ichmadim, – deb javob berdilar («Tabaqotul kubro»).

* * *

Mavlono Xolidi Bag‘dodiy quddisa sirrahu aytadi:

– Nafsi ammoradan qutulganlikning alomati ikki holatda namoyon bo‘ladi: odamlarning maqtovi va xorlashini bir xilda ko‘rishlik. Odamlarning e’tibor berishlaridan sevinib, e’tiborsizliklaridan xafa bo‘lish aqlsizlikdir («Hilyatul avliyo»).

* * *

Zunnuni Misriy rohimahullohning nafsiga bergan raddiyasi:

Naql qiladilarki, Zunnuni Misriy o‘n yil qatiqli oshdan o‘zini tiyib, uni tanovul qilmabdi. Bir kuni bayram bo‘ldi, nafsi:

– Menga bayramlik uchun qatiqlik osh olib bersang, nima bo‘lardi! – dedi. Zunnuni Misriy:

– Ey nafs, agar bu kecha menga yordam berib, ikki rakaat namozda Qur’oni karimni xatm qilsang, senga shu taomni olib beraman, – dedi.

Nafsi rozi bo‘ldi va o‘sha kecha ikki rakaat namoz ichida Qur’onni xatm qildi. Ertalab bo‘ldi, bayram namozidan keyin bir kishi unga bir lagan qatiqli osh keltirdi. Shayx undan bir luqma og‘ziga olib keldi-yu, yana qaytarib laganga qo‘ydi. Keyin o‘rnidan turib, namozga mashg‘ul bo‘ldi. Namozdan forig‘ bo‘lganda: – Nima uchun bunday qildingiz? – deb so‘rashdi. Zunnuni Misriy rohimahulloh: – Endi yemoqchi bo‘lganimda, nafsim menga: «O‘n yil deganda baribir murodimga yetdim!», dedi. Men esa: «Yo‘q, murodingga yetmading!» deb luqmani joyiga qo‘ydim», dedi («Tazkiratul avliyo»).

* * *

Sirri Saqatiy rohimahulloh aytadi:

– Agar bir kishi Alloh taoloning yaratgan barcha daraxtlari bor va ularda yaratilgan hamma turdagi qushlar o‘tirgan bog‘ga kirib qolsa, qushlar unga qarab: «Ey Allohning valiysi, sizga salomlar bo‘lsin!» deyishsa, nafs bundan sukut saqlab, g‘ururlansa, bu odam nafsining asiri hisoblanadi («Tazkiratul avliyo»).

* * *

Sahl ibn Abdulloh Tustariy rohimahullohning nafsiga bergan jazosi:

Bir kuni u safar qilib, Kufa shahriga kelib qoldi. Nafsi baliq bilan non yeyishni juda xohlayotgan edi. Har qancha uni bu xohishidan qaytarishga urinmasin nafs niyatida qattiq turib oldi. Nafsimni Makkaga yetib borguncha xafa qilmayman, deb o‘ziga so‘z berdi. Shaharda ketib turib, tegirmonni oldidan chiqib qoldi. Qarasa, tegirmonning toshini yog‘ochga boylab qo‘yilgan bir ot aylatirmoqda ekan. Tegirmonchiga yaqin kelib: «Otga bu xizmati uchun qancha berasiz?» deb so‘radi. Tegirmochi: «Ikki tanga», deb javob berdi. Abdulloh Tustariy: «Agar bu ishni men bajarsam, menga kuniga bir tanga bersizmi?» deb so‘radi. Tegirmonchi rozi bo‘ldi. Abdulloh Tustariy baliq va non yeyishni orzu qilgan nafsini kechgacha tegirmon toshini aylantirish bilan qiynadi. Ish vaqti tugagan zahoti unga bir tanga berishdi. Holdan toygan holida borib baliq va non oldi va nafsiga: «Qachonki mendan biror narsa xohlasang, oldin seni unga munosib tarzda xizmatga solaman va keyin xohlaganingni bajo keltiraman», dedi («Tabaqotul kubro»).

Xulosa

Mukammal islom dinimiz tarixi nafsini tarbiya va tazkiya qilib Alloh huzurida eng katta maqomlarga ega bo‘lgan qanchadan-qancha muborak zotlarga guvoh bo‘lgani kabi, nafsini o‘z holiga tashlab qo‘yib xoru zalil bo‘lib ketganlarga ham shohiddir. Yusuf alayhissalomning Zulayho orqali imtihon qilinishi qiyomatga qadar keluvchi barcha ummati Muhammadiya uchun kuchli ogohlantirish va haqiqiy iffat namunasi bo‘ldi. Shu sababdan ham aziz ustozlarimiz Qur’oni karimdagi Yusuf alayhissalom qissasini mehribon Allohning biz bandalari uchun bergan eng katta marhamatlaridan biri deb aytadilar. Har davrning imtihoni o‘ziga yarashadir. Avliyohullohdan Xoja Alouddin Attor quddisa sirrahu «Ilohiy fayzda qusur va kamchilik yo‘q. Qusur va kamchilik tolibdadir...» deb ilohiy fayzning zamon va makon tanlamasligi haqida ogohlantirish beradi. Bas shunday ekan toatu ibodatlarimizdan zavq ololmayotgan bo‘lsak, qalblarimiz fayzi ilohiydan baharamand bo‘lmayotgan bo‘lsa, yurish-turishimizga, zohiriyu botiniy raftorimizga bir nazar solaylik. Turli-tuman, yuzlab Zulayholarni changida qoldiruvchi shaytoniy, nafsoniy orzu-havaslarimizning har lahzada «Hayta lak!» – «Buyoqqa kel!» chaqirig‘iga chin qalb va ixlos bilan «Ma’zalloh!» – «Alloh saqlasin!» deb Allohga sig‘ina olyapmizmi? Agar bu sig‘inishimiz haqiqiy bo‘lsa, biz albatta Allohning cheksiz rahmati ummoniga g‘arq bo‘lamiz. Shundagina tahdid solmoqchi bo‘lgan bu foniy jilvalar kelib-ketuvchi tuyg‘ularga aylanib qoladi, qalbimiz esa ilohiy fayzning nurlaridan baharamand bo‘laveradi. Qur’on inson nafsini qanday tarbiya qilish yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatmoqda va buning natijasi Alloh tomonidan qanday mukofotlanishini ham bayon etmoqda.

O‘qiganlarimizdan nafs insonni haqiqiy ma’noda kamolga yetkazuvchi unsur ekanini bilib oldik. Inson nafsi bilangina inson bo‘ladi. Shu ma’noda nafs insonga berilgan Allohning eng katta lutfidir. Alloh taolo uni bizga imtihon qilish uchun bergani ham ayni haqiqatdir. Butun olamlar Robbining amrlarini ado etib, Unga munosib qul bo‘lishda aynan nafsning roli benihoya kattadir. «Hujjatul islom» unvoni sohibi Abu Homid Muhammad ibn Muhammad G‘azzoliy rohimahulloh hazratlari bu haqiqatni juda ham chiroyli tarzda ifoda etganlar:

«Nafs ruhning o‘lovidir. Agar inson nafsining tizginini qo‘yib yuborib, uning yo‘lidan boradigan bo‘lsa, halok bo‘lishi muqarrar... Shunday ekan, nafsingizning jilovini mahkam tuting va ulovingizni o‘zingiz boshqaring!...»

Oylarning sultoni, shaytonlar zanjirband qilinadigan, fayzu baraka yog‘iladigan, nafs tarbiya qilinadigan oy – Ramazoni sharif yaqinlashmoqda. Bu imkoniyatdan to‘liq foydlanishga harakat qilaylik. Alloh taolo ko‘z ochib yumgunimizcha hargiz nafsimiz qo‘liga tashlab qo‘ymasin. Nafsimizni tarbiya qilib, mutaqqiy qullar zumrasidan joy olib, rizosini topishimizda O‘zi bizga yordam berib, tavfiqini rafiq aylasin!

(davomi bor)

 

Ulug‘bek Sulton

Manba: https://islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatdan uy

18.05.2025   6160   1 min.
Jannatdan uy

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman", dedilar.