Ushbu suratda Oydan keltirilgan tuproq namunasi ko‘rinib turibdi. Tuproqni o‘rganayotgan olimlar “Bu parchada olimlarni hayratda qoldiradigan hodisa bor” dedilar. Bu hodisa kechalari Oyning kuchli yorug‘lik taratishi va bunga sabab bo‘luvchi narsalardir.
Hammamizga ma’lumki, Oy o‘zidan yorug‘lik ishlab chiqarmaydi, balki Quyoshdan keladigan yorug‘lik va issiqlikni Yerga qaytaradi. Shuning uchun nurli disk bo‘lib ko‘rinadi.
Buni qarangki, Oy tuprog‘ida Quyosh nurlari ta’sirida elektronlar paydo bo‘lar ekan. Quyosh nurlari Oy sirtiga tushganda, uning tuprog‘i elektr zarrachalari bilan zaryadlanadi. Bu esa tuproqning ta’sirlanishiga, qo‘zg‘alishiga va Quyosh nurini ko‘proq va kuchliroq qaytarishga sabab bo‘lar ekan. Bu hodisaga Qur’oni Karim bundan o‘n to‘rt asr oldin ishora qilgan:
وَجَعَلَ الْقَمَرَ فِيهِنَّ نُوراً وَجَعَلَ الشَّمْسَ سِرَاجاً
“Va ular ichida oyni nur va quyoshni chiroq qilib qo‘yganini ko‘rmadingizmi?” (Nuh surasi, 16-oyat).
Alloh taolo bu oyatda Oyni nur taratuvchi, Quyoshni esa chiroq qilib qo‘yganini aytgan. Ya’ni Quyosh o‘zidan issiqlik va yorug‘lik ishlab chiqaradi va atrofga o‘sha yorug‘likni tarqatadi. Oyga yetib kelgan yorug‘lik esa Yerga nur bo‘lib qaytadi.
Olimlar ilm-fan taraqqiy etgan hozirgi asrimizda aniqlagan ilmiy haqiqatga Qur’oni Karim bundan 1400 yil oldin ishora qilib, aytib qo‘ygani Qur’on Alloh taoloning Kalomi ekanligiga va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning haq Payg‘ambari ekanliklariga yaqqol dalildir!
Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.