Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin
Mo‘minlar uchun har kuni 5 mahal duolari ijobat bo‘ladigan vaqt bor. Unda qilingan duolar Alloh taoloning nazdida qabuldir. Bu vaqt – muazzin azon aytgan lahzalardir. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: "Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi", dedilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deb duo qilaylik?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolodan dunyo va oxirat ofiyatini so‘rang", dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Sahobalardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muazzinlar bizdan ko‘ra ko‘proq fazilatga ega-mi?" dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki azon eshitsang, muazzin aytayotgan narsani ayt. Azon tugagach esa Allohga duo qil. So‘ragan narsang beriladi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos ibn Uhayb Zuhriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim muazzin aytgan narsani aytsa hamda “hayya ala” (hayya alas solat va hayya alal falah) larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam Mahmudan allaziy va’adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kim muazzinni eshitganda: “Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadir Rasulan va bil Islami diynan” (Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga guvohlik beraman. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar deb, Islomni din deb rozi bo‘ldim”) desa, gunohlari mag‘firat qilinadi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo O‘ziga ixlos ila duo qilishimizga tavfiq ato etsin. Duolarimizni qabul qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.