Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Malayziyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida ishtirok etgan qoriya Mufazzala Saydaliyeva bilan suhbat

30.04.2019   2590   10 min.
Malayziyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida ishtirok etgan qoriya Mufazzala Saydaliyeva bilan suhbat

Malayziyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida ishtirok etgan qoriya qizimiz Mufazzala Saydaliyeva bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.

– Assalomu alaykum va rohmatulloh! Avvalambor, Malayziyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida yurtimiz nomidan ishtirok etib, faxrli o‘rin olganingiz bilan muborakbod etamiz. Shuningdek, O‘zbekistonning qori va qoriyalarni tarbiyalab yetishtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini butun dunyoga namoyon etishga qo‘shgan hissangiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shu o‘rinda o‘zimizni, qolaversa, Qur’onga oshno bo‘lgan hamyurtlarimizni qiziqtirgan ba’zi savollar bor, shularga o‘zingizdan javob olsak degan niyatda edik. Aytingchi, Qur’oni karimni necha yoshda yod olgansiz?

– Vaalaykum assalom va rohmatulloh! Sizga ham tashakkur, Qur’oni karimni yoshligimdan ota-onam o‘qitishgan, 12 yoshimgacha Qur’onni yodlashimga yordam qilib, sharoitlar yaratib berishgan. Allohim ota-onamni ulkan ajrlar bilan mukofotlasin. Maktabni bitirganimdan so‘ng “Xadichai Kubro” Islom bilim yurtiga o‘qishga hujjat topshirib, kira olmaganman. Ammo, Allohimga shukur, 3 yil o‘tib, kollejni bitiriboq, Oliy Ma’hadga o‘qishga kirdim. Bu yerda Qur’onni mustahkamlash bilan birga, uning ma’nolarini ham o‘rganyapman.

– Hozirgi kunda Qur’oni karimni qancha muddatda takrorlab turasiz?

– Qur’ondan har kuni yarim poradan takror qilib, ustozimiz Zafar qori Mahmudovga topshirib turibman. Robbim kalomini quvvai hofizamga mustahkamlasa, inshaalloh, Qur’oni Karimni bir o‘tirishda to‘liq topshirish niyatidaman.

– Malayziyadagi Qur’on musobaqasi siz qatnashgan xalqaro musobaqalarning birinchisi bo‘ldimi?

– Ha, Malayziyadagi Qur’on musobaqasi men uchun birinchi xalqaro Qur’on musobaqasi bo‘ldi. Musobaqa nihoyatda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bizni u yerda a’lo darajada kutib olishdi, mehmon qilishdi va hurmat-ehtirom bilan kuzatishdi. U yerdagi O‘zbekiston elchixonasi vakillari kutib olish va kuzatib qo‘yishda maxsus mashinalarda xizmatimizda bo‘lishdi hamda 10 kun davomida holimizdan xabar olib turishdi.

Malayziyadagi barcha tashkilotchilarga va mutasaddi xodimlarga o‘z minnaddorchiligimizni bildiramiz. Shuningdek, u yerdagi O‘zbekiston Elchixonasiga ham tashakkurlar aytamiz. Barchalaridan Alloh rozi bo‘lsin.

– 2018 yilda yurtimizda bo‘lib o‘tgan Qur’on musobaqasida ham qatnashgan edingiz. Malayziyadagi xalqaro musobaqa bilan yurtimizda o‘tgan musobaqani qanday o‘xshashliklari hamda qanday farqli jihatlari bor?

– Prizidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan 2018 yilda yurtimizda bo‘lib o‘tgan Qur’on musobaqasi Malayziyadagi Xalqaro Qur’on musobaqasiga qo‘yilgan asosiy qadamlardan biri bo‘ldi va mana shu musobaqadagi tayyorgarliklarimiz va o‘rgangan bilimlarimiz, tajribalarmiz xalqaro Qur’on musobaqasida yuqori ballarni egallashimizga sababchi bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki, u yerdagi ballar tizimi deysizmi, tilovatdagi savollar yarim kun oldin berilishi deysizmi, bularning barchasiga biz o‘tgan yili shohid bo‘lganmiz. Shuning uchun ham, o‘tgan yilgi musobaqada erishgan yutuqlarimiz bizga juda katta yordam berdi. Baholash tizimining nihoyatda pishiq tuzilgani o‘z ustimizda qattiq ishlashimizga turtki bo‘ldi va qanday ishlash lozimligini ham uqtirdi. Xullas, 2018 yilgi Qur’on musobaqasi ham xalqaro musobaqadan saviya jihatdan ham, tartib-intizom jihatdan ham kam bo‘lmagan edi, desak, adolatli baho bergan bo‘lamiz. Ayniqsa, bizning musoaqadagi shukuh, to‘g‘risi, o‘sha xalqaro musobaqada ham topilmaydi. Bularning barchasi uchun musobaqa tashkilotchilari, xususan, baholash tizimi hamda boshqa ishlarda bosh‑qosh bo‘lgan ustoz Hasanxon qori akaga, shuningdek, yetakchi hakamlardan Tahfizul‑Qur’on kefayedrasi mudiri ustoz Jahongir qori Ne’matovga va boshqa ustozlarga tashakkurlar aytamiz.

Tilovatdagi shartlarga keladigan bo‘lsak, Malayziyadagi Xalqaro musobaqada ham 4 ta shart, ya’ni, tajvid, tarannum, fasohat, savt bo‘ldi. 2018 yilgi O‘zbekiston Qur’on musobaqasida ham xuddi shunday shartlar bo‘lgani samarasi o‘laroq, ushbu musobaqadan so‘ng, xalqaro musobaqada qatnashgan qori-qoriyalarimizning saviyasi avvalgi yillardagi xalqaro musobaqada qatnashgan qori-qoriyalarimizning saviyasidan ancha yuqoriligi ko‘rinib turibdi. Siz buning isbotini bu yil xalqaro miqyosda hifz yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning 4 o‘ringacha ko‘tarilganida ham ko‘rishingiz mumkin.

Ta’kidlash lozimki, avvalgi yillarda O‘zbekiston bu kabi yuqori natijani hali ko‘rsatmagan edi. Alloh qodir qilsa, yana o‘z ustimizda ishlasak, izlansak, o‘zimiz uchun sharoitlar yaratsak, bu yilgi natijalar g‘oliblik marralariga olib chiqadi deb umid qilaman.

– Musobaqa haqidagi taassurotlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

– Ayni o‘quvchilarga qiziqarli bo‘lishi uchun, o‘zimizning kamchiliklarimizu yutuqlarimizni ham aytib o‘tmoqchiman.

Musobaqa jarayonida juda ko‘p o‘zim uchun foydalar oldim, kamchiliklarimni ham, yutuqlarimni ham sarhisob qildim.

– Musobaqada 69 ta davlatdan kelgan 100 ta qori va qoriya ishtirokchi qatnashdi. Qorilar hifzda ham, tilovatda ham deyarli adashmay go‘zal tilovat qilib berishdi va yuqori baho olishdi. Qoriyalar esa tilovatda oldinga o‘tib ketgandilar. Yurtimizda bunday go‘zal, ta’sirchan tilovat qiladigan qoriyalarni topish qiyin. Allohim yurtimizdan ham shunday qoriyalarni ko‘plab chiqishini nasib qilsin. Ana shunday go‘zal tilovat qiluvchi qoriyalardan biri Malayziyadan Farhah Fayruzah ismli qiz 1 o‘rinni oldi. Musobaqaning dastlabki kunlariyoq u bilan tanishib olgan edim. Ochiq ko‘ngilli qiz ekan, birga nashidlar aytdik. Bu asnoda undan qiroatni go‘zallashtirish borasida ham ko‘p narsalarni o‘rgandim.

«Juda go‘zal tilovat qilar ekansan. Tarannumdan ustozing kim», desam, «My teacher is my mother», ya’ni, mening muallimim onam, dedi. Onasi ham oldimizda o‘tirgan edi. «Unda onang menga ham ustozlik qilsin», dedim. Ular kulib yuborishdi: «Asosiy ustozim onam, lekin u tarannum bo‘yicha emas. Ustozlarim ko‘p, ularga ham meni onam yetaklab olib borgan», dedi. U Malayziyadagi yetuk qori va qoriyalardan ta’lim olgan ekan. U ham yoshligidan Qur’on o‘qishni boshlagan ekan. Uning go‘zal tilovat qilishga iqtidorini ko‘rgan onasi har bir yo‘nalishda maxsus ustozlardan Qur’ondan ta’lim olishini ta’minlagan ekan.

Mening ilk ustozlarim ota-onam bo‘ladilar, ular Qur’ondan savodimni chiqarganlar. Qur’onni yodlashimda Andijon Qur’on maktabida tarqalgan metodika asosida o‘qitganlar. Oliy Ma’haddagi ustozlardan esa Qur’onni tajvid bilan o‘qish borasida bilimimni oshirdim. Biroq, u yerda maqomotlar bo‘yicha mutaxassis ustozlar bo‘lmagani, bu borada maxsus darslar qo‘yilmagani uchun bu borada umr yo‘ldoshim menga yordam berdilar. Ular Qur’onni Abdulbosit qori, Muhammad Siddiq Minshaviylarning 7 maqomdagi qiroatlarini tinglab, o‘rganib yurar edilar. Shu bois, u kishi menga arabiy savtda o‘qish, maqomlarni, ohang yo‘nalishlarini ajratishimda yaxshi ko‘mak berdilar.

Qur’on musobaqalarida yaxshi natijaga erishish uchun avvalo Qur’onni go‘zal qiroat ila, qalbdan qalbga yetadigan qilib, bexato va adashmay o‘qib bera olish kerak. Buning uchun, avvalo, kishining qalbida taqvo bo‘lishi kerak, deydi ustozlarimiz. Shu bilan birga, Qur’onni ustozdan og‘izma‑og‘iz ta’lim olib, undan o‘tkazgan bo‘lish kerak. Qur’onni o‘rgatuvchi ustozda esa Payg‘ambarimiz sollallalohu alayhi vasallamga tutashgan silsilasi zanjiri bo‘lishi lozim.

Musobaqalarda hakamlar hay’ati ham ana shunday ijozaga ega, tajvid ahkomlarini ipidan ignasigacha biladigan, chuqur ilmli ustozlardan iborat. Ularning talablariga javob berish uchun maxsus ijozaga ega ustozlardan ta’lim olishning ahamiyati katta ekan. Zero, Qur’onni asl holatda nozil bo‘lgandek o‘qiy olish uchun ham shunday ta’lim shart.

Qur’onni go‘zal ohangda o‘qishni o‘zlashtirishda ham alohida ustoz bo‘lsa, yaxshi ekan. Bizda odatda qori va qoriyalar ohanglarni faqat taqlid orqali o‘rganishadi. Ammo buning nazariy bilimini ustozlardan o‘rganilsa, qiroatdagi tarannum ham talabga javob bera oladigan darajaga chiqadi. Buning uchun qorida tarannum uchun tug‘ma iqtidor bo‘lishi ham talab qiladi.

Musobaqadi tilovat yo‘nalishi bo‘yicha 7 maqomdan eng kamida 4 tasida o‘qib berish shart qilingan. Saralash bosqichidan ham 7 ta maqomda tilovat qila olgan qori va qoriyalargina o‘ta olishdi. Alhamdulillah, kamina ham ushbu imtihondan o‘tish baxtiga musharraf bo‘ldim.

Ishtirokchi o‘n mutavotir qiroatning qaysi birida o‘qisa ham joiz. G‘olib bo‘lgan qorilarning aksari «qiroatul‑ashar» ‒ mashhur o‘n qiroatdan biz bilmaydigan qiroatlardan birida o‘qidi. Biz faqat o‘zimizda keng yoyilgan qiroat ‒ Hafsning Osimdan qilgan rivoyatida o‘qidik.

Tilovat yo‘nalishidagi biletlar ertlab soat 9-10 larda tanlandi. Ko‘rsatilgan joyni shomdan keyin minbarga chiqib tilovat qilib berishim kerak edi. Bu hayajonlik, mas’uliyatlik onlarda yordam qo‘lini cho‘zuvchilarga juda muhtoj bo‘ldik. Bir betni eng kamida 4 xil arabiy maqomda qiroat qilib berish kerak edi. Berilgan oyatlarni qo‘ldan kelgancha mashq qilib o‘qib, yurtimizda o‘tgan 2018 yilgi Qur’on musobaqasida tilovat bo‘yicha Respublika bosqichi g‘olibi Ominaxon opaga, hay’at a’zolaridan ustoz Jasur qoriga va Misrdagi Husaynxon qori akaga yubordik. Alloh hammalaridan rozi bo‘lsin, maslahatlarini ayamadilar. Ayniqsa, ustoz Husaynxon qori akaning maslahatlari ham juda foydali bo‘ldi.

Tilovat asnosida sodir bo‘lgan birgina xato g‘oliblar bilan bir safda turishdan to‘silishimga asosiy sabab bo‘ldi. Boshqa kamchiliklar ham o‘tgan bo‘lsa kerak. Bu holat ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz kerakligini yana bir uqtirdi. Alloh nasib qilsa, kelgusida xalqaro Qur’on musobaqalarida O‘zbekistonning bayrog‘ini g‘oliblar safiga olib chiqish niyatidamiz va bu borada siz Qur’on muxlislarining duolaringizga nihoyatda muhtojmiz. Barchalaringizga ikki dunyo yaxshiligini so‘rab qolaman.

Manba: Quran.uz rasmiy telegram kanali

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

05.06.2025   10383   4 min.
O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Bismillahir Rohmanir Rohim

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

 

Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.

Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.

Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.

Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.

Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.

Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.

Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.

Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.

Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.

Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.

Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.

Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:

– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;

– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;

– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;

– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;

– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;

– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;

– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;

– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;

– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.

Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.

Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.

 

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

 

Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.

Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 

Hurmat va kamoli ehtirom ila,

 

O‘zbekiston hojilari,

Makka shahri Arafot vodiysi,

2025 yil 5 iyun

Maqolalar