Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Xatm» tugatish, yakunlash degan ma’noni bildiradi. «Xatmi Qur’on» deganda Qur’oni Karimni boshdan-oxir to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Birorta sura yoki oyat tashlab ketilsa, tom ma’noda xatm hisoblanmaydi. Shuningdek, Qur’onni o‘zi nozil bo‘lgan tilda – arab tilida o‘qib chiqilgandagina, xatmi Qur’on qilgan hisoblanadi, tarjima yo tafsirini o‘qib chiqish, garchi buyuk ajru savoblarga ega amal bo‘lsa‑da, xatmi Qur’on sanalmaydi. Chunki Qur’onning ma’nosi ham, lafzi ham Alloh taolodan. Uni boshqa tilga o‘girilganda ma’nosi ifoda topsa ham, lafzi o‘zgaradi, buziladi va Qur’onligi yo‘qoladi.
Xatmi Qur’on qilish sunnat amaldir. Qur’oni Karimni umuman o‘qimaslik, uni bee’tibor tashlab qo‘yish eng katta gunohlardan bo‘lib, u «Qur’onni hajr qilish» deyiladi. Bu gunohdan omonda bo‘lish uchun Qur’onni xatm qilib turish kerak bo‘ladi.
Alloh taolo Furqon surasida shunday marhamat qiladi:
«Yana Rasul: «Ey Robbim, albatta, mening qavmim ushbu Qur’onni hajr etdilar», dedi» (30‑oyat).
«Hajr» bir narsani tark etish, beparvo tashlab qo‘yish, yuz o‘girish, yakkalash ma’nolarini anglatadi. Oyatning zohiriy ma’nosida mushriklarning Qur’onga quloq tutmay, undan yuz o‘girganlari nazarda tutilgan bo‘lsa‑da, uning mazmunini qiroat imomlari kengroq tushunishadi. Ayrim ulamolar bunday deydi: «Qur’onni hajr qilish besh xil bo‘ladi:
1. Uni tinglashni va o‘qishni tashlash;
2. Unga amal qilishni tashlash, halol‑harom haqidagi hukmlariga e’tibor bermaslik;
3. E’tiqod va amalda uni hakam qilmaslik;
4. Uni tadabbur qilishga, fahmlashga qunt qilmaslik;
5. Qalbiy va jismoniy kasalliklarda undan davo izlamaslik».
Ushbu hajr turlarining barchasi mazkur oyat ostiga kiradi, garchi ularning birining gunohi boshqasinikidan yengilroq bo‘lsa ham. Hajrning keyingi to‘rt turi Qur’oni Karimning ma’nolarini tushunishga harakat qilishni ham taqozo etadi.
Hanafiy mazhabining mo‘tabar manbalaridan biri bo‘lmish «Fatovoi hindiya» nomli asarda: «Kim Qur’onni yilda bir marta xatm qilib tursa, Qur’onni hajr qilgan bo‘lmaydi», deyilgan.
«Qur’onni xatm qilish» deganda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Qur’onni bir chetdan to‘liq eshitib chiqqan kishi ham xatm qilganlik savobiga ega bo‘lsa‑da, uni xatm qildi, deyilmaydi.
«Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobidan
Manba: https://islom.uz
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati