Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

«Xatmi Qur’on»ning ma’nosi nima va u qanday amal?

30.04.2019   3217   2 min.
«Xatmi Qur’on»ning ma’nosi nima va u qanday amal?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«Xatm» tugatish, yakunlash degan ma’noni bildiradi. «Xatmi Qur’on» deganda Qur’oni Karimni boshdan-oxir to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Birorta sura yoki oyat tashlab ketilsa, tom ma’noda xatm hisoblanmaydi. Shuningdek, Qur’onni o‘zi nozil bo‘lgan tilda – arab tilida o‘qib chiqilgandagina, xatmi Qur’on qilgan hisoblanadi, tarjima yo tafsirini o‘qib chiqish, garchi buyuk ajru savoblarga ega amal bo‘lsa‑da, xatmi Qur’on sanalmaydi. Chunki Qur’onning ma’nosi ham, lafzi ham Alloh taolodan. Uni boshqa tilga o‘girilganda ma’nosi ifoda topsa ham, lafzi o‘zgaradi, buziladi va Qur’onligi yo‘qoladi.

Xatmi Qur’on qilish sunnat amaldir. Qur’oni Karimni umuman o‘qimaslik, uni bee’tibor tashlab qo‘yish eng katta gunohlardan bo‘lib, u «Qur’onni hajr qilish» deyiladi. Bu gunohdan omonda bo‘lish uchun Qur’onni xatm qilib turish kerak bo‘ladi.

Alloh taolo Furqon surasida shunday marhamat qiladi:

«Yana Rasul: «Ey Robbim, albatta, mening qavmim ushbu Qur’­onni hajr etdilar», dedi» (30oyat).

«Hajr» bir narsani tark etish, beparvo tashlab qo‘yish, yuz o‘girish, yakkalash ma’nolarini anglatadi. Oyatning zohiriy ma’nosida mushriklarning Qur’onga quloq tutmay, undan yuz o‘girganlari nazarda tutilgan bo‘lsa‑da, uning mazmunini qiroat imomlari kengroq tushunishadi. Ayrim ulamolar bunday deydi: «Qur’onni hajr qilish besh xil bo‘ladi:

1. Uni tinglashni va o‘qishni tashlash;

2. Unga amal qilishni tashlash, halol‑harom haqidagi hukmlariga e’tibor bermaslik;

3. E’tiqod va amalda uni hakam qilmaslik;

4. Uni tadabbur qilishga, fahmlashga qunt qilmaslik;

5. Qalbiy va jismoniy kasalliklarda undan davo izlamaslik».

Ushbu hajr turlarining barchasi mazkur oyat ostiga kiradi, garchi ularning birining gunohi boshqasinikidan yengilroq bo‘lsa ham. Hajrning keyingi to‘rt turi Qur’oni Karimning ma’nolarini tushunishga harakat qilishni ham taqozo etadi.

Hanafiy mazhabining mo‘tabar manbalaridan biri bo‘lmish «Fatovoi hindiya» nomli asarda: «Kim Qur’onni yilda bir marta xatm qilib tursa, Qur’onni hajr qilgan bo‘lmaydi», deyilgan.

«Qur’onni xatm qilish» deganda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Qur’onni bir chetdan to‘liq eshitib chiqqan kishi ham xatm qilganlik savobiga ega bo‘lsa‑da, uni xatm qildi, deyilmaydi.

 

«Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobidan

Manba: https://islom.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Agar bandalaring Seni ko‘rsalar

6.01.2025   1580   4 min.
Agar bandalaring Seni ko‘rsalar

Men ish stolimga o‘tirib, o‘yga tolib qoldim. Ko‘zlarim birdan qog‘ozlar ustidan turgan qandaydir kichik bir narsani ko‘rib qoldi, u kunjut donasiday kichik edi. O‘zimcha: "Farrosh stolni yaxshi tozalamagan ko‘rinadi", deb o‘yladim. Barmoqlarimni uzatib, uni chetga surib tashlashga urindim. Ammo o‘sha "kunjut donasi" qo‘limdan qochib, havoda uchib ketdi. Shunda tushundimki, bu kichkina kapalak ekan. Ehtimol, u uxlayotgan yoki horg‘in holda dam olayotgan bo‘lgan, mening qo‘lim yaqinlashganini his qilganida uchib ketdi. Qizig‘i, men uning qanotlarini ham ko‘ra olmadim. Uning qanotlari shu qadar nozik ediki, go‘yo ko‘zga ko‘rinmas edi! Hatto uning boshi qayerda, dum qismi qayerda – buni ham ajratish qiyin. Unda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha tizimlar mavjud, ammo inson ko‘zi ularni ko‘ra olmaydi.
O‘zimcha o‘yladim: "Ammo uning Yaratuvchisi uni ko‘radi, oziqlantiradi, suv berib yashash uchun kerak bo‘lgan barcha narsa bilan ta’minlaydi!".

Shundan so‘ng fikrlarim uzoqqa ketdi. Shu kichkina kapalaklarni yaratib, havoda parvoz qildirgan Zot osmon ishlarini ham bir zum bo‘lsa-da nazoratsiz qoldirmaydi. U uchish qobiliyatini faqat kapalaklarga emas, balki katta sayyoralarga ham o‘z orbitalari atrofida aylanish qobiliyatini ato etgan. Sayyoralar o‘z yo‘lidan og‘ishmaydi ham, chalkashmaydi ham. Alloh taoloning bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, Uni boshqa ishdan chalg‘itmaydi.

Alloh taolo aytadi: "U (bir vaqtning o‘zida) yerga kirib boradigan va u yerdan chiqib keladigan, osmondan tushadigan va unga chiqib ketadigan narsalarni biladi. U rahimli va mag‘firatli Zotdir" (Saba surasi, 2-oyat).
O‘zimga savol berdim: "Nega men bu kichik kapalak haqida buncha o‘yladim?".
Bilganimizdek, SPID virusi (OIV) kapalakdan yetmish ming marta kichik bo‘lsa-da, gunohkorlarning taniga kirib, ularni quvvatsizlantiradi, shifokorlarni ojiz qoldiradi va ilmni ham lol qoldiradi.

Biz insonlar uchun Allohning yaratish hikmatini kuzatib, Uning sifatlarini bilib olish juda zarur. Biz oldimizdagi, ortimizdagi, ustimizdagi va ostimizdagi barcha narsalarning yaratilish sirlarini o‘rganishga muhtojmiz. Agar biz bir-birimiz bilan Allohning yaratish qudrati va uning asarlari haqida suhbatlar qursak, mana shu majlislar farishtalar izlaydigan zikr majlislari bo‘ladi. Bunday majlislarga farishtalar quvonch bilan ishtirok etishadi.

Hadisi qudsiyda bunday deyiladi:
"Allohning shunday farishtalari borki, ular yer yuzini kezib, zikr ahlini qidirishadi. Agar Allohni zikr qilayotgan bir qavmni ko‘rsalar, bir-biriga: "Kelinglar, sizlar qidirganlar bu yerda!" – deb aytadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Farishtalar ularni o‘z qanotlari bilan osmongacha o‘rab oladilar".
Alloh taolo farishtalardan so‘raydi (holbuki U hammasini yaxshi biladi):
– "Bandalarim nima deyishmoqda?"
Farishtalar:
– "Senga tasbeh aytishmoqda, Seni ulug‘lashmoqda, Senga hamd aytishmoqda va Seni buyuk deb bilmoqdalar", – deb javob berishadi.
Alloh taolo so‘raydi:
– "Meni ko‘rganmilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Yo‘q, ular Seni ko‘rgan emaslar".
Alloh taolo aytdi:
– "Agar meni ko‘rsalar, nima qiladilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Agar Seni ko‘rsalar, ular yanada kuchliroq ibodat qilishar, Seni yanada ko‘proq ulug‘lashar, yanada ko‘proq hamd aytishar va yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi"...

Allohni yaqindan tanish uchun tafakkur qilish ibodatlarning eng a’losi va asosiy ko‘rinishidir. Qur’onda bunday deyiladi: "(Ular) Allohni tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollarida ham zikr qilishadi va osmonlaru yerning yaratilishi haqida tafakkur qilishadi: "Ey Parvardigorimiz, Sen bu (osmonlaru yerni) behuda yaratgan emassan. Seni (bunday nuqsonlardan) pok deb bildik. Bizlarni do‘zax azobidan saqla", deb duo qilishadi (Oli Imron surasi, 191-oyat).

Zikr – bu ong va aqlning jiddiy vazifasi, u kishini yerdan osmonga ko‘taradi. Hozirgi zamon kishilari ikki toifaga bo‘linadi: bir toifasi Allohni tan olmaydigan ateistlardir, ular bir kuni Alloh bilan ro‘baro‘ bo‘lishlariga ham ishonmaydilar. Ikkinchi toifasi esa, Allohni zikr qilishni bilmaydigan va buni o‘zgalarga o‘rgata olmaydigan musulmonlardir. Ular Allohni taniydilar, ammo bu tanish faqat yuzaki bo‘lib, ularning na qalblarini poklaydi va na tarbiyalarini to‘g‘rilaydi.

 Shayx Muhammad G‘azzoliyning "Achchiq haqiqat" kitobidan
Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi