Yaqinda ta’lim sohasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilish uchun Buxoro viloyatiga Indoneziyaning 32 ta oliy o‘quv yurtlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, tashrif chog‘ida Buxoro davlat universitetida indonez tili kursini ochish, zamonaviy mehmonxona xizmatlari sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek ziyorat-turizm sohasida mutaxassislarni tayyorlash borasida kelishuvlarga erishilgan.
Muzokaralarda ta’kidlanishicha, vizasiz rejimning joriy etilishi tufayli O‘zbekistonga kelgan indoneziyalik turistlarning soni 2,5 martaga oshgan.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, Buxoro davlat universiteti bilan Indoneziya Gunadarma Universiteti, Muhammadiya Universiteti, Dian Nusantar Universiteti, Bayankar Universitetlari o‘rtasida 14 ta shartnoma imzolandi. Tomonlar o‘qituvchilar bilan almashish, birgalikda o‘qitish va qo‘shma anjumanlarni tashkil etishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi