Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin
Ramazon – g‘animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Bu oyda Alloh taoloning rahmati va mag‘firati yanada ortadi. Qilingan nafl amallarning savobi boshqa oydagi farz amallar savobiga tenglashtiriladi, farz amallarning savobi esa boshqa oydagi farz amallardan yetmish barobar ortiq bo‘ladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhissalom Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushganda yanada ziyoda bo‘lardi. Nabiy alayhissalom odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Ko‘pincha mayda ishlarni ham hisob-kitob qilamiz, biroq Ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lgan yaxshiliklardan mahrum bo‘lamiz. Ramazondagi fayzu baraka sababli bu oyda ko‘proq ibodat qilishga harakat qilish lozim.
Shu bois, ro‘zaning barcha qoidalarini tushunib, unga amal qilinsa, ro‘zaning mukammal ado etilishini va savobining ortishiga sabab bo‘ladi. Zero, ilmsiz amal mevasiz daraxt kabidir.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV