Filadelfiya aeroportining kelayotgan reyslarni kutib oluvchi taksi avtomobillari turarjoyida mo‘jaz masjid o‘z faoliyatini olib boradi.
Bu yerda 300 ga yaqin taksi haydovchilari ishlaydi. «Islamosfera» xabariga ko‘ra, Filadelfiyada 1500 nafar taksi haydovchilari bo‘lib, ularning yarmi musulmonlardir. Ular uch yil davomida yig‘ilgan xayriya pullari evaziga 10 ming AQSH dollariga treylerni sotib olib, uni namoz o‘qishga moslashtirishdi. Uning yonida qo‘lbola tahoratxonani ham ishga tushirishdi.
Bu masjidning imomi yo‘q, unda taksichilarning o‘zlari navbatma-navbat imomlik qilishadi, azonni ham o‘zlari shu tarzda o‘qishadi. Masjid ichidagi ko‘k qutida xayriya pullari yig‘iladi. Undan to‘plangan pullar hisobiga har yili masjidni tozalash va unga qarab turishga 1000-2000 dollar atrofida mablag‘ sarflanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati