Yil boshidan buyon qor-yomg‘irli kunlarga qaramay, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh nomlari uchun barpo etilayotgan majmuada qurilish ishlari bir lahza bo‘lsin-da, to‘xtagani yo‘q. Bir yildan ortiq vaqt davomida olib borilgan qurilish, nihoyat o‘z yakuniga yetish arafasida.
Majmua tarkibidagi masjidga kirish joyidagi muhtasham ichki va tashqi peshtoq to‘la qurib bitkazildi. Majmuani bezab turadigan ikkita minora ustiga kichik gumbazlar o‘rnatildi. Masjid ichidagi bezak ishlari yakuniga yetish arafasida.
Majmuadagi anjumanlar saroyi, minoralarning qurilish ishlari yakuniga yetdi hamda ularning qubbasiga hilol o‘rnatildi.
Shuningdek, “So‘galli ota” maqbarasida ham bunyodkorlik ishlari o‘z yakuniga yetdi. Masjid hududidagi namozxona, ayollar namozxonasi, tahorat xonalari, minora, 3 ta kirish peshtoqi, 200 o‘ringa mo‘ljallangan anjumanlar saroyi, tashqi va ichki favvoralar, majmua sahni, avtoulovlar uchun to‘xtash joylarida qurilish va bezak berish ishlari yakunlandi.
Majmua hovlisi to‘liq ko‘kalamzorlashtirildi, shuningdek tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy rusumdagi o‘rindiqlar, chiqindi qutilari o‘rnatildi.
Majmua hududida bunyod etilgan muzeyda esa Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning umr yo‘liga oid qimmatli ma’lumotlar, u kishining ilmiy merosini jamlash rejalashtirilgan.
Tez kunlarda majmuaning foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
islom.uz portali tahririyati
Manba: https://islom.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir g‘aroyib ilmiy tadqiqotda olimlar soliha xotinning uydagi saodatga kuchli ta’sir qilishini isbotladilar. «Nikoh va oila» jurnalida chop etilgan ma’lumotda tadqiqotchilar hayotdagi baxtning siri juftida ekanini aniqlashdi. Tadqiqotchilar bir nechta erkaklarni sinab ko‘rdilar va er-xotinlik saodatida ayolning asosiy roli borligini aniqladilar. Xotin erini maqtasa, bu erning hayotda baxtiyorligidan dalolat beradi. «Er-xotin munosabatlaridagi nomutanosiblik ayollarning odatda erlariga hissiy va amaliy yordamni qanday ko‘rsatishi bilan bog‘liq, aksincha emas», deydi tadqiqot hammuallifi Debora Karr. — Baxtsiz turmush qurgan erkaklar, ularning umumiy farovonligini oshiradigan er-xotin munosabatlaridan foyda olishlari mumkin. Binobarin, soliha juft bu dunyoda saodatning asosiy sababchisi ekanligini ilmiy haqiqat tasdiqlaydi.
Buni sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alyhi vasallam allaqachon ta’kidlab qo‘yganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: «Dunyo matodir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir» (Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min insonning bu dunyoda o‘ziga madadkor, hayotiga baxt va rohat kirib kelishiga sabab bo‘ladigan soliha jufti bo‘lishi, bu dunyodagi eng yaxshi saodat turi ekanligini yuqoridagi hadis ta’kidlamoqda. Bu bugun olimlar kashf etgan haqiqatdir. Bizga Islom ne’matini bergani uchun Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.