2019 yilning 24-26 aprel kunlari Tataristonning Qozon shahrida «Rossiya va Islom dunyosi» shiori ostida XI-xalqaro iqtisodiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda islom.uz manbasi xabar berdi.
Ushbu sammit doirasida «Russia Halal Expo – 2019» ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda dunyoning 50 yaqin mamlakatlaridan 3000 dan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.
Ko‘rgazma davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan muqaddas qadamjolarga ziyorat turizmi yo‘nalishidagi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, uni rivojlantirish istiqbollari, bu borada zarur reklama tadbirlarini o‘tkazish, logistikalarni tashkil etish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Xususan, sammitda ishtirok etgan yurtimiz vakillari tomonidan O‘zbekistonda turizm hamda ziyorat turizmi infratuzilmalarini rivojlantirish va yangi turizm obyektlarini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar jadallik bilan amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritildi. Ushbu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mazkur yo‘nalishga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekistonni ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylantirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda dunyo mo‘min-musulmonlari uchun halollikni doimo ta’minlash va kelajak avlodga meros qoldirish lozimligi, shu bois, butun dunyoda oziq-ovqat, suv, kiyim-kechak, sog‘liq va tijorat kabi barcha sohalarda halol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – halol oziq-ovqat, halol turizm, halol tekstil, halol tibbiyot kabi sohalarni zamonaviy texnologiyalar yordamida aslini yo‘qotmagan holda rivojlantirish va kelajak avlodga meros qoldirish.
Tadbir davomida «Hilol nashr» matbaa nashriyoti faoliyati haqida ham so‘z bordi. Yurtimiz vakillari o‘z ma’ruzalarida mazkur nashriyotning faoliyati, bugungi kunda olib borayotgan ishlari, kelajakdagi istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tishdi. Ma’ruza davomida tadbir ishtirokchilariga nashriyot tomonidan mamlakatimizda ilk marta chop etilgan Qur’oni karim nusxasi taqdim etildi.
Ushbu Qur’oni karimdan bir nusxasi Tatariston muftiysi Kamil Samigullinga hadya qilindi.
Qozon shahrida o‘tkazilgan sammit barcha ishtirokchilarda katta va unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Islom.uz portali tahririyati
Manba: https://islom.uz
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi