Farzandlaringizga namoz uyqudan, sevgidan, suhbatlashib o‘tirishdan, gapdan, molu dunyodan, kulgudan, ishdan, safardan, orzu qilgan dunyoviy narsalaridan, qo‘lga kiritgan va kiritmagan barcha narsalaridan, zaifligidan, kuch-quvvatidan, dunyo va undagi jamiki narsalardan ham yaxshiroq ekanini o‘rgatinglar!
*****
Peshinni o‘qigach, ro‘zador holda, yozning jaziramasiga qaramay, iftorlik uchun lazzatli taomlar pishirishga hozirlik ko‘ra boshladi. Dasturxonga nimalar qo‘yishni o‘ylardi. Pishirgan taomlarini ko‘rganda oila a’zolarining yuzlarida rozilik alomati paydo bo‘lishini ko‘rish ilinjida shomning azonini qalbi shodlikka to‘lgan holda kutardi.
Ey Robbim! Ro‘zador holda ro‘zadorlarga iftorlik va saharlik taomlari tayyorlaydigan onalarimiz, opa-singillarimiz, turmush o‘rtoqlarimiz va qizlarimizni panohingda asrab, gunohlarini mag‘firat etgin!
*****
Ota-onalar uchun oltin nasihat
Agar o‘ziga ishonadigan farzand tarbiya qilmoqchi bo‘lsangiz, bolangizning yuziga qarab baqirishdan, uni masxara qilishdan, ustidan kulishdan, kamsitishdan, boshqa tengqurlari bilan solishtirishdan, xo‘rlashdan, urishdan, xossatan, yuziga urishdan tiyilinglar! Unutmang! Bu aytilganlar bolaning shaxsiyatini vayron qiluvchi illatlardir!
*****
Ibn Qayyim rahimahulloh dedilar: “Kim molini Allohning toati yo‘lida sarflashdan yuz o‘girsa, garchi istamasa ham, molini Allohdan boshqa uchun sarflash bilan balolanadi”.
*****
Istig‘for – har bir dard uchun davo, har bir balo uchun najotdir!
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV