Ramazon oyi – farahli oy. Katta-kichik shu oyda nihoyatda taqvodor bo‘lib qoladi. odamlar bir-birlariga odatdagidan ham mehribon bo‘ladi. Taroveh namoziga chiqqan kishilar ko‘p vaqtlardan beri ko‘rishmagan do‘stu yoronlari bilan diydorlashadi. Maza qilib tarovehni o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng esa hazil-huzul qilib biri ikkinchisini saharlikka, iftorlikka taklif qilib tarqaladi.
Bu oyda, ayniqsa, yosh bolalarning g‘ayrat-shijoatini aytmaysizmi! Hammadan burun saharlikka turib oladi. Uxlab qolganlari esa saharlikka uyg‘otmagani uchun ota-onasidan choshgohgacha, birorta o‘yinga ovunib ketguni qadar arazlab turadi.
Tasavvur qiling, sahar vaqti turasiz, atrof jim-jit. havo musaffo. Go‘yoki osmon eshiklari ochilganu tananingizga behisob kuch-quvvat yog‘dirayotgan tong havosi aynan o‘sha yoqdan kelayotgandek. Uzatsangiz qo‘lingiz yulduzlarga yetadiganga o‘xshaydi. Oilangiz jam bo‘lib saharlik qilasiz, miriqib suhbatlashasiz. Bomdod kirguniga qadar zikr qilasiz, qazo namozlaringiz bo‘lsa, ularni o‘qiysiz. Bu vaqtda bulbullar chah-chahlab sayrab yotgan bo‘ladi. Keyin esa namoz qushi kelib bomdodning kirganini xabar qiladi. Mahallangizdagi masjidda chaqirilgan azon ovozi quloqlaringizdan kirib taningizdagi eng inja tomirlaringizni ham silab o‘tadi – rohat-farog‘at, baxtu saodat bundan ortiq bo‘lishi mumkinmi!
Nafsilamri, imoni zaifroqlarimizga ramazon darrov kelib qolgandek tuyiladi. Ammo shuni yodda tutaylikki, mashoyixlarimiz: “Bu dunyoda vujudga og‘ir keladigan narsalar qiyomatda tarozida ham og‘ir keladi”, deganlar. Zotan, bizning a’molimiz qiyomatga zaxira hozirlash emasmi!..
Binobarin, Alloh taolo muborak Kalomida: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasining 183-oyati), deb marhamat qilarkan, farz amali bo‘lgan ro‘zani tutsak, taqvodorligimiz yanada ziyoda bo‘lishining xabarini bergan.
Ramazon ro‘zasini ruhimiz (siddiqlar ro‘zasi), aqlimiz (xoslar ro‘zasi), jismimizni (avomlar ro‘zasi) jamlab tutsak, shubhasiz, Rabbimiz ushbu oyati karimada aytganidek, taqvodorligimiz ortadi, ajru savoblarimiz ko‘payadi,
Aslida eshik qoqib turgan ramazon – savoblar qo‘lga kiritiladigan fursat oyi. Shu oydan hammamiz foydalanib qolaylik, yurtimizga tinchlik, elimizga fayzu baraka, xonadonlarimiz xotirjamlik, farzandlarimizga baxtu saodat tilaylik. Chunki bu oy – mag‘firat oyi. Bu oyda duolar mustajob bo‘ladi, inshaa Alloh!
Damin JUMAQUL
Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).
أَسْتَغْفِرُ اللهَ
O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.
أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ
O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.
أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ
O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.
سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.
أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي
O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.
أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.
Davron NURMUHAMMAD