Joriy yilning 24 aprel kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mezbonligida “Jar” sport sog‘lomlashtirish kompleksida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Barkamol avlod – 2019” sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi. Tadbirda Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari boyicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, ta’lim bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Xalqaro islom akademiyasi prorektori Shoislom Akmalov, diniy ta’lim muassasalarining rahbarlari va boshqa mehmonlar tashrif buyurishdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ikkinchisi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu madaniy-sport tadbirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Respublikamiz madhiyasi bilan boshlandi.Tadbirni ochib berish uchun bilim yurti mudiri Muhammadamin Nasriyev so‘zga chiqdilar va o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar. Bayramona tadbir bilan barcha mehmonlar va ishtirokchilarni qutladilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur so‘zga chiqib muqaddas dinimizda mo‘min-musulmonlarni badantarbiya, otda chopish, poygada musobaqalashish, suvda suzish, merganlik, aqlni chiniqtirish kabi mashqlar bilan muntazam shug‘ullanib yurishga targ‘ib qilinganliga, hozirgi kunimizda sog‘liqni saqlash, xastalikka chalinmaslik uchun badantarbiya qanchalik ahamiyatli ekanligini, kattayu kichik iloji boricha badantarbiyaga e’tibor berish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini: Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng meni jismim og‘irlashganida yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “haligi bilan biru bir”, dedilar» (Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan) aytib berdilar.
Tadbir davomida Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov so‘zga chiqib diniy ta’lim sohasidagi erishilayotgan yutuqlar va islohotlar haqida malumot berib o‘tdilar. Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ikkinchisi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish tashabbusining amaliy ijrosi ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbir davomida “Jar” sport sog‘lomlashtirish kompleksining sportchi-tarbiyalanuvchilarining badiiy chiqishlari bo‘lib o‘tdi. So‘ngra musobaqaning asosiy qismi boshlandi. Ishtirokchilar sportning stol tennisi, tosh ko‘tarish, kurash, shaxmat turlari bo‘yicha o‘z kuchlarini sinovdan o‘tkazishdi. Musobaqa jarayonlarini adolatli baholab borish maqsadida tajribali sport mutaxassislari-hakamlar hay’ati jalb etildi.
Ayniqsa, musobaqaga tashrif buyurgan Axror baxshi tomonidan ijro etilgan xalq dostonlari barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashdi.
Murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar faol ishtirok etib, hakamlar hay’ati tomonidan g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblarni quyidagi jadval ko‘rinishida taqdim etamiz:
Shaxmat bo‘yicha sovrindorlar
1. Oxunov Bobirjon - Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Ibrohimov Ismoil - "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti
3. Atovulloyev Abdurahmon - Mir Arab oliy madrasasi
Ayol-qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha g‘oliblar:
1. Axmedjonova Komila - Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Akbarova Havasxon - Toshkent islom instituti ayol-qizlar jamoasi
3. Amirova Oygul - "Jo‘ybori Kalon" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
Stol tennisi bo‘yicha sovrindorlar
1. Ametniyazov Ilyas - Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Mo‘ydinov Abdulhamid - Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti
3. Jiyemuratov Ajiniyaz - Toshkent islom instituti
Ayol-qizlar
1. Sa’dullayeva Osima - "Jo‘ybori Kalon" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Muhammadodilova Isloma - Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
3. Kozimiy Muxlisa - Toshkent islom instituti ayol-qizlar jamoasi
Tosh ko‘tarish bo‘yicha sovrindorlar
1. Jumanov Baxtibay - Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Asliddinov Tojiddin - Toshkent islom instituti
3. Choriyev Maxmud - Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti
Milliy kurash bo‘yicha sovrindorlar
1. Gadayev Furqat - "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti
2. Madaminov Mansurjon - Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurti
3. Dalibayev Anuar - Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti
Jamoaviy tarkib bo‘yicha sovrindorlar
1. Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti (2 ta oltin, 1 ta bronza )
2. Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti (1 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza)
3. "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti (1 ta oltin, 1 ta kumush)
Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diplom, faxriy yorliqlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).