
Yurtimizda so‘ngi yillarda barcha sohalar qatori ijtimoiy-ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohalarga, xususan, mo‘min-musulmonlar Umra va Haj ziyoratlarini ado etishlari uchun qulay shart-sharoitlar hozirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, 2016 yilda mamlakatimizda 5200 kishi Haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar fuqarolarimiz Islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega bo‘ldi.
Ilgari Umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan e’tiboran fuqarolarimizning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi.
Mo‘min musulmon borki, Haj ibodatini ado etishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslariga asosan fuqarolarimizga Haj va Umra safari mobaynida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida, maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi.
2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so‘mni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko‘ra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan
42-43 million so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi.
Davlatimiz Rahbarining irodalari va sa’y-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimizning haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi, ya’ni haj ibodatini amalga oshirishni qariyb 10 million so‘mga arzonlashtirishga erishildi. “Haj – 2019” mavsumidan so‘ng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj – 2018” to‘lovidan ortgan 926,5 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ har bir ziyoratchiga qaytarib berildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat va ezgu ishlarning yana bir yorqin amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati