Bugun, 22 aprel kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani bosh imom-xatibi To‘lqin Ravshanov hududdan bu yili muborak “Haj” ziyoratiga boruvchi fuqarolar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Imom-xatib fuqarolarni avvalo oldilarida turgan mas’uliyatli ibodat, dinimizning beshinchi arkoni - haj ibodatini bajarishga otlanganliklari bilan qutlab, yurtimizda musulmonlarning haj va umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun davlatimiz tomonidan munosib shart-sharoitlar, qulayliklar yaratib berilayotganligini qayd etdi.
Bu ulug‘ ibodatga musulmon kishi ruhan va jismonan puxta hozirlik ko‘rishi, bu borada ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan mavzular: Hajning mohiyati, uning farzlari, vojib va sunnatlarini o‘rganib chiqish tavsiya etildi.
Safar bilan bog‘liq tashkiliy masalalar keyinchalik atroflicha tushuntirilishi aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati