Ish bor joyda xato bor. Gazeta-jurnal tahririyatlarida gohida qilingan tahrirlarni kiritish, sahifalash jarayonida texnik sabablarga ko‘ra, bu kabi holatlar, ro‘y berib turadi. Illo, xatokor bandalarmiz.
“Hidoyat” jurnalining 2019 yil 3-sonida “Namoz o‘qishning tartibi va odoblari” maqolasida ikki o‘rinda xatolik bo‘lgan. Taassufki, o‘sha xatolar jurnal o‘quvchilar qo‘liga yetib borganidan so‘ng payqaldi. Shuning uchun ushbu nashrning 4-sonida ushbu shaklda tuzatish berildi:
«Tuzatish: Jurnalning 2019 yil 3-soni, 21-sahifasida 1-ustun, yuqoridan 8-qatordagi “Subhana robbiyal aziym” iborasi “Subhana robbiyal a’lo” deb; 2-ustun, yuqoridan 3-xatboshidagi 1-jumla “Namozxon ikkinchi rakatning sajdasini qilib bo‘lgach, chap oyog‘ini yotqizib ustiga o‘tiradi, o‘ng oyog‘ini tikka qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib o‘tiradi”, deb o‘qilsin».
Bu xatolikni payqab, tahririyatga bildirgan jurnalxonlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Kelgusida ana shunday xatolar tahririyatdan bir sabab bilan o‘tib qolsa, ularni topganda ijtimoiy tarmoqlarga emas, “Hidoyat” jurnali tahririyatiga bildirilsa behad mamnun bo‘lamiz. Zero, mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir (murojaat uchun telefonlar: 71-227-34-30).
hidoyat.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh aytadilar: "Kimki besh vaqt namozni ado qilsa, darhaqiqat, Allohga shukr qilibdi. Endi kimki besh vaqt namoz ortidan ota-onasining haqqiga duo qilsa, darhaqiqat, ota-onasiga shukr qilibdi".
رَبَّنَا اغْفِرْ لِي وَلِوَالِدَيَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ الْحِسَابُ
O‘qilishi: "Robbanag‘fir liy va livaalidayya va lil muminiyna yavma yaquumul hisaab".
Ma’nosi: "Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin" (Ibrohim surasi, 41-oyat).
رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
O‘qilishi: "Robbirhamhumaa kamaa Robbayaaniy sog‘iyro".
Ma’nosi: "Robbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!" (Isro surasi, 24-oyat).