Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

26.04.2019 y. Amallarda ixlosning ahamiyati

22.04.2019   6341   15 min.
26.04.2019 y. Amallarda ixlosning ahamiyati

بسم الله الرحمن الرحيم

AMALLARDA IXLOSNING AHAMIYATI

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي نَجَّى عِبَادَهُ الْمُخْلِصِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي كَانَ نَمُوذَجًا لِلْمُخْلِصِينَ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَ مَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Dinimizdagi muhim asoslardan biri har bir amalni Alloh taolo uchun xolis qilish va ixlosni yo‘qqa chiqaradigan riyo, sum’a, ujb, kibr va g‘urur kabi amallardan uzoq bo‘lishdir. Shuning uchun ixlosning mohiyatini o‘rganish va u haqida mulohaza qilish har bir musulmon uchun zarur hisoblanadi.

“Ixlos” so‘zi “tozalash” va “poklash” ma’nolarini bildiradi. Ya’ni, amallarni g‘arazli maqsadlardan tozalash, sof va xolis bir ko‘rinishga keltirishdir. Ixlosning ziddi riyo va sum’a, ya’ni odamlar ko‘rishi va eshitishi uchun amal qilishdir.

Ixlosning istilohiy ma’nosi haqida ulamolarimiz bir qancha ta’riflar keltirganlar. Alloma Izz ibn Abdussalom shunday deydilar: “Ixlos – mukallaf kishi ibodatni faqat Alloh taolo uchun qilishi, odamlardan hurmat-e’tibor kutmasligi, biror diniy foyda ko‘rish yoki dunyoviy zarardan qutilishni qasd qilmasligi kerak”. Sahl ibn Abdulloh ixlos haqida: “Ixlos – bandaning harakati ham, sukunati ham faqat Alloh taolo uchun bo‘lishidir”, – degan. Abu Ali Daqqoq: “Ixlos – amalni odamlarning mulohazasidan (ya’ni, bu ishimni odamlar maqtaydimi yoki yomonlaydimi, deb o‘ylashdan) poklashdir”, – deydi. Ixlos – kishi yomonliklarini yashirgani kabi savob ishlarini ham berkitishidir. Ixlossiz qilingan amal ko‘rinishda har qancha ulug‘, har qancha katta bo‘lmasin, u sarobdir. Oxiratda egasiga foyda keltirmaydi.

Amalni faqat Allohning roziligini ko‘zlab qilish bandaga najot keltiradi. Faqat riyo uchun amal qilish esa, insonni halokatga duchor qiladi. Bu ikki holatning o‘rtasida yana bir holat bor. Masalan, bir kishi kasalni ziyorat qiladi, bu bilan savob olish va o‘zi kasal bo‘lsa, boshqalar ham uni ziyorat qilishini qasd qiladi yoki odamlar uning janozasiga qatnashishi uchun janozaga boradi. Umuman aytganda biror amalni qilishning sababi Alloh taologa yaqin bo‘lish bo‘ladi, lekin unga boshqa bir g‘araz qo‘shiladi va bu g‘araz amalni bandaga oson qiladi. Mana shu holat amalni ixlos chegarasidan chiqarib qo‘yadi. Endi u xolis Alloh uchun bo‘lmasdan, riyo aralasha boshlaydi. Ko‘pincha inson g‘aflatda qolib xolis amaliga, boshqa g‘arazlar aralashib, gohida amalning savobi kamayadi, gohida butunlay savobi yo‘qqa chiqadi. Shuning uchun oxirat saodatini umid qilgan har bir mo‘min-musulmon amallarini tekshirib, niyatini yangilab turishi kerak.       

Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdilarki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”.

Qur’oni karimning bir qancha oyatlarida ixlos haqida zikr qilinadi. Jumladan, ixlos bilan duo qilish haqida shunday deyiladi:

وَادْعُوهُ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ كَمَا بَدَأَكُمْ تَعُودُونَ

ya’ni: “Unga (Allohga) dinni xolis qilgan hollaringizda duo qilingiz. Sizlarni (avval boshda yarata) boshlaganidek, (qiyomatda mangu hayotga) qaytursizlar» (A’rof surasi, 29-oyat).

         Alloh taolo Payg‘ambariga xitob qilish orqali bizga dinini shirk, riyo va sum’adan xolis qilib, ibodat qilishimizni buyuradi: 

إِنَّا أَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ فَاعْبُدِ اللَّهَ مُخْلِصًا لَهُ الدِّينَ

ya’ni:(Ey, Muhammad!) Albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga – dinni Unga (shirkdan) xolis qilgan holda ibodat qiling!(Zumar surasi, 2-oyat).

         Mo‘min-musulmonlar dinga ixlos bilan amal qilishi nafaqat bizning ummatga, balki bizdan avvalgi ummatlarga ham farz bo‘lganini quyidagi oyati karimadan ham bilib olsak bo‘ladi:

وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ

ya’ni:Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir(Bayyina surasi, 5-oyat).

Qur’oni karimning tafsiri sifatida hadisi shariflarda ham ixlos mavzusiga to‘xtalib o‘tilgan. Aksariyat hadis kitoblari niyatni xolis qilish haqidagi Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlari bilan boshlanadi:  

"إنّمَا الأَعْمَالُ بالنِّيّاتِ، وَإِنَّمَا لِكُلِّ امرِىءٍ مَا نَوَى، فَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ، فَهِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ، وَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ لِدُنْيَا يُصيبُهَا، أَوْ امْرَأَةٍ يَنْكَحُهَا،  فَهِجْرَتُهُ إِلى مَا هَاجَرَ إِلَيْهِ" )مُتَّفَقٌ عَلَيه(

Albatta, amallar(ning savobi) niyatlarga bog‘liqdir. Har kim nima niyat qilgan bo‘lsa, unga shu narsa bo‘ladi. Kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun bo‘lgan bo‘lsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchundir. Kimning hijrati dunyo uchun bo‘lgan bo‘lsa, dunyoga yetadi. Ayol uchun hijrat qilsa, uni nikohiga oladi. Hijrati nima uchun bo‘lgan bo‘lsa, unga o‘sha narsa bo‘ladi(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

 Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ixlos bilan kalimai toyyibani aytishning fazilati to‘g‘risida shunday deydilar:

مَا قَالَ عَبْدٌ لَا إِلَهَ إِلَّا اللّهُ قَطُّ مُخْلِصًا، إِلَّا فُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ حَتَّى تُفْضِي إِلَى الْعَرْشِ مَا اجْتُنِبَ الْكَبَائِرُ

رواه الترمذى وحسنه

ya’ni: “Qaysi banda “La ilaha illalloh” kalimasini ixlos bilan aytsa, bu kalimaga osmon eshiklari ochiladi. Modomiki, banda katta gunohlardan saqlanar ekan, u kalima Arshgacha yetib boradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam ixlos bilan qilingan amal insonni najotga boshlashi haqida shunday deydilar: “Avval o‘tgan ummatlardan uch kishi safarga chiqib, boshpana sifatida bir g‘orga kirdilar. G‘orning eshigi tog‘dan tushgan katta tosh bilan berkilib qoldi. Shunda ular: “Bu toshdan bizni Alloh taologa xolis qilgan amallarimiz bilan duo qilish qutqaradi” – deyishdi. Ulardan biri: “Ey, Alloh! Mening qari ota-onam bor edi. Ularni doimo bola-chaqayu chorpolarimdan avval taomlantirardim. Bir marta nimanidir izlab  uzoqqa ketib qoldim. Qaytganimda ota-onam uxlab qolishgan ekan. Sut sog‘dim, bola-chaqa, chorpolarni  ulardan avval taomlantirishni xush ko‘rmadim. Tonggacha ularning boshida, idishni qo‘limda ushlab turdim. Nihoyat ular turib sutni ichishdi.  Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh biroz siljidi, lekin chiqa olmadilar. Ikkinchisi: “Amakimning bir qizi bor edi. Uni juda yaxshi ko‘rardim. U bilan birga bo‘lishni xohlaganimda, qiz rad qildi. Ocharchilik yilida o‘sha qiz yonimga muhtoj bo‘lib keldi. Qizga 120 dinor berdim (taxminan 510 gramm tillaning qiymatiga teng bo‘ladi). Faqat buning evaziga qiz bilan birga bo‘lish (zino)ni xohladim. U rozi bo‘ldi. Murodimga yetay deganda qiz: “Men senga halol emasman, muhrni haqqi bilan ochgin”, – dedi. Darhol o‘rnimdan turib ketdim, vaholangki, u menga eng sevimli ayol edi. Bergan dinorlarimni ham qaytarib olmadim. Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh biroz siljidi, lekin chiqa olmadilar. Uchinchisi gap boshladi: “Bir qancha mardikorlarni ishlatdim. Hammasining ish haqqisini berdim. Lekin bittasi haqqini olmay ketdi. Uning ish haqqisini ko‘paytirdim, bir qancha mol mulk bo‘ldi. Kunlardan bir kun o‘sha mardikor kelib, haqqini so‘radi. Ko‘rib turganing, mana shu tuyalar, sigirlar, qo‘ylar va qullarning hammasi seniki, olib ketaver, dedim. U: “Ey, Allohning bandasi! Meni masxara qilma, men ish haqqimni so‘rayapman”, – dedi. Sening ustingdan kulayotganim yo‘q, olib ketaver, dedim. U hech narsa qoldirmay olib ketdi.  Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh surildi, g‘ordan chiqib ketdilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Hasanul Basriy rahimahulloh: “O‘tganlarimiz bir joyda yig‘ilib qolishsa, ixlos bilan qilingan eng yaxshi ishlarini o‘rtaga chiqarishni xush ko‘rishmasdi (ya’ni, uni yashirishardi)”, – degan.

Hamdun ibn Ahmaddan so‘rashdi:

  • Nega o‘tgan ulug‘larning gaplari biznikidan foydali bo‘lgan?
  • Chunki ular Islomni aziz qilish, nafslar najot topishi va Rahmonning roziligi uchun gapirganlar. Bizlar esa nafslar azizligi, dunyo talabi va odamlarni rozi qilish uchun gapiramiz.

Imom Shofe’iy mashhurlikdan qochib shunday der edi: “Odamlar mana shu ilmni (ya’ni, u zotning kitoblarini) o‘rganib, undan biror narsani menga nisbat bermasligini xohlardim”.

Tabaa tobe’inlardan bo‘lgan Ibn Uyayna Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislaridan gapirsa, dars halqasida turgan holida yig‘lab yuborar edi. Lekin odamlar sezmasin, deb sallasini ko‘ziga tushirib olar va: “Bu yo‘tal buncha qattiq bo‘lmasa”, – deb qo‘yardi.

Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi yoki yo‘qmi farqi bo‘lmaydi.

Ixlosli kishilar amal qilib turib ham maqtovni xush ko‘rmaydilar. Vaholanki, odamlar amal qilmagan ishlariga ham maqtalishni xush ko‘radilar. Muxlis kishilar amalni ixlos bilan qilish, uning savob va sunnatga mosligi hamda oz bo‘lsa ham davomiyligiga e’tibor qaratadi. Muxlis bo‘lmaganlar esa garchi amalini riyo, xurofot va bid’atlar fosid qilsa ham, amalning ko‘pligiga qiziqadilar.

Bugungi kunda ham ibodat, muomala, to‘y-ma’raka marosimlari va boshqa amallarimizda ixlosga juda muhtojmiz. Yaxshilab o‘rganib ko‘rsak, ancha muncha ishlar riyo va xo‘jako‘rsinga chiqib ketadi. Nom chiqarish uchun qancha harakat, qancha xarajat qilamiz. Lekin natijada hech qanday savobsiz qolamiz. Shuning uchun har bir ishimizda niyatni to‘g‘rilash, g‘arazlarsiz xolis amal qilish asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak. Oz bo‘lsada ixlos bilan qilingan amallar, oxiratda bandaning saodat topishiga sabab bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni ixlos-e’tiqodli muxlis bandalaridan qilib, o‘zi tavfiq bersin. Omin.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida muborak Ramazon oyi kelayotgani munosabat bilan ro‘zaning ba’zi foydalari haqida suhbatlashamiz. Alloh biz mo‘minlarga farz qilgan Ramazon ro‘zasining inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan:

  • Ro‘za tutgan kishining taqvosi oshadi. Alloh taolo: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi. “...taqvoli bo‘lsangiz”, iborasi ro‘za tutish hikmatini bayon qilish uchun keltirilgan jumla hisoblanadi. Chunki inson Alloh taoloning roziligiga erishishdan umid qilib, ro‘za tutsa azobga qolishdan qo‘rqib kunduz kunlari halol bo‘lgan amallardan ham tiyiladi. Haloldan tiyilgan kishining haromdan saqlanishi esa turgan gap. Demak, ro‘za Alloh taolo harom qilgan amallardan saqlanishga sabab bo‘ladi.
  • Ro‘zador shaytonga qahr ko‘rsatadi. Ma’lumki, shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson bolasi yomonlikka yursa shayton xursand bo‘ladi. Inson bolasi yaxshilikka yursa, Allohning amrini bajo keltirsa, xafa bo‘ladi, o‘zini qahrga qolgan hisoblaydi. Safiyya raziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan qilgan rivoyatlarida: “Shayton insonning qon tomirida yuradi. Ochlik bilan uning yo‘llarini toraytiringlar”, deyilgan.
  • Ro‘za inson tabiatini bo‘ysundiradi va shahvatini sindiradi. Insonning qorni to‘q bo‘lganida turli xil gunohlarni xohlaydi. Qorni och bo‘lganda esa nafsu havosi xohlagan narsalardan tiyiladi. Hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qodir bo‘lsa uylansin. Zero u ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroq. Kim unga qodir bo‘lmasa ro‘za tutsin. Chunki ro‘za uning uchun bichilishdir”, dedilar.
  • Ro‘zadorning qalbi poklanadi. Ro‘za tutgan inson kun davomida Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun ham, o‘zi yolg‘iz qolganda ham ro‘zasini ochishga jur’at qilolmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.
  • Ro‘za tutgan kishilarning gunohlari mag‘firat qilinadi. Bu ma’lum va mashhur haqiqatdir. Bu borada ko‘plab hadisi shariflarda ochiq-oydin ta’kidlab o‘tilgan. Mana shunday hadislardan birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar. (muttafaqun alayh).
  • Ro‘za tutgan kishi farishtalar sifati ila sifatlanadi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatlardir.
  • Ro‘zadorning sabr-bardoshi ortadi. Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun ko‘ngil xohlagan narsalardan o‘zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
  • Ro‘za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro‘za tuttan kishi o‘z ixtyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohishlaridan, lazzatli narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan birga, noilojlikdan och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechora, kambag‘al fuqarolarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘ladi.
  • Ro‘zaning eng mashhur foydalaridan biri sog‘likdir. Ro‘za ixtiyoriy och qolishning eng yaxshi namunasidir. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi ilmiy isbotini topgan. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlarning tibbiyot mutaxassislari ixtiyoriy ochlik yo‘li bilan davolamoqdalar. Mazkur ilmiy tadqiqotlar natijasida ro‘za hozirgi eng ko‘p tarqalgan dardlarga davo ekani, kishi doim sog‘ yuray desa, har yili 28-30 kun ixtiyoriy och qolishi zarurligi ta’kidlangan. Ro‘zaga oid ushbu haqiqatlar bundan 14 asr avval Payg‘ambarimiz Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)ning: Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar (Imom Tabaroniy rivoyati), deb aytgan hadisi shariflarining ilmiy tasdig‘idir.

 

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Yangi umra mavsumi 2025 yil avgust oyidan boshlanishi e’lon qilindi

18.07.2025   16869   2 min.
Yangi umra mavsumi  2025 yil avgust oyidan boshlanishi e’lon qilindi

#xabar #umra #rasmiy #avgust
 So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.


 30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.


 Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:


 “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;


  3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;


 Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;


 Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;


 3 mahal mazali taomlar;


  Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;


 Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;


 Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.


 Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.


  Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.


 Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858


Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457


Haj va umra markazi:
Instagram (https://instagram.com/haj_umrauz?igshid=MzRlODBiNWFlZA==) Telegram (https://t.me/hajumrauz)