بسم الله الرحمن الرحيم
AMALLARDA IXLOSNING AHAMIYATI
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي نَجَّى عِبَادَهُ الْمُخْلِصِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي كَانَ نَمُوذَجًا لِلْمُخْلِصِينَ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَ مَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
Hurmatli jamoat! Dinimizdagi muhim asoslardan biri har bir amalni Alloh taolo uchun xolis qilish va ixlosni yo‘qqa chiqaradigan riyo, sum’a, ujb, kibr va g‘urur kabi amallardan uzoq bo‘lishdir. Shuning uchun ixlosning mohiyatini o‘rganish va u haqida mulohaza qilish har bir musulmon uchun zarur hisoblanadi.
“Ixlos” so‘zi “tozalash” va “poklash” ma’nolarini bildiradi. Ya’ni, amallarni g‘arazli maqsadlardan tozalash, sof va xolis bir ko‘rinishga keltirishdir. Ixlosning ziddi riyo va sum’a, ya’ni odamlar ko‘rishi va eshitishi uchun amal qilishdir.
Ixlosning istilohiy ma’nosi haqida ulamolarimiz bir qancha ta’riflar keltirganlar. Alloma Izz ibn Abdussalom shunday deydilar: “Ixlos – mukallaf kishi ibodatni faqat Alloh taolo uchun qilishi, odamlardan hurmat-e’tibor kutmasligi, biror diniy foyda ko‘rish yoki dunyoviy zarardan qutilishni qasd qilmasligi kerak”. Sahl ibn Abdulloh ixlos haqida: “Ixlos – bandaning harakati ham, sukunati ham faqat Alloh taolo uchun bo‘lishidir”, – degan. Abu Ali Daqqoq: “Ixlos – amalni odamlarning mulohazasidan (ya’ni, bu ishimni odamlar maqtaydimi yoki yomonlaydimi, deb o‘ylashdan) poklashdir”, – deydi. Ixlos – kishi yomonliklarini yashirgani kabi savob ishlarini ham berkitishidir. Ixlossiz qilingan amal ko‘rinishda har qancha ulug‘, har qancha katta bo‘lmasin, u sarobdir. Oxiratda egasiga foyda keltirmaydi.
Amalni faqat Allohning roziligini ko‘zlab qilish bandaga najot keltiradi. Faqat riyo uchun amal qilish esa, insonni halokatga duchor qiladi. Bu ikki holatning o‘rtasida yana bir holat bor. Masalan, bir kishi kasalni ziyorat qiladi, bu bilan savob olish va o‘zi kasal bo‘lsa, boshqalar ham uni ziyorat qilishini qasd qiladi yoki odamlar uning janozasiga qatnashishi uchun janozaga boradi. Umuman aytganda biror amalni qilishning sababi Alloh taologa yaqin bo‘lish bo‘ladi, lekin unga boshqa bir g‘araz qo‘shiladi va bu g‘araz amalni bandaga oson qiladi. Mana shu holat amalni ixlos chegarasidan chiqarib qo‘yadi. Endi u xolis Alloh uchun bo‘lmasdan, riyo aralasha boshlaydi. Ko‘pincha inson g‘aflatda qolib xolis amaliga, boshqa g‘arazlar aralashib, gohida amalning savobi kamayadi, gohida butunlay savobi yo‘qqa chiqadi. Shuning uchun oxirat saodatini umid qilgan har bir mo‘min-musulmon amallarini tekshirib, niyatini yangilab turishi kerak.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdilarki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”.
Qur’oni karimning bir qancha oyatlarida ixlos haqida zikr qilinadi. Jumladan, ixlos bilan duo qilish haqida shunday deyiladi:
وَادْعُوهُ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ كَمَا بَدَأَكُمْ تَعُودُونَ
ya’ni: “Unga (Allohga) dinni xolis qilgan hollaringizda duo qilingiz. Sizlarni (avval boshda yarata) boshlaganidek, (qiyomatda mangu hayotga) qaytursizlar» (A’rof surasi, 29-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambariga xitob qilish orqali bizga dinini shirk, riyo va sum’adan xolis qilib, ibodat qilishimizni buyuradi:
إِنَّا أَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ فَاعْبُدِ اللَّهَ مُخْلِصًا لَهُ الدِّينَ
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga – dinni Unga (shirkdan) xolis qilgan holda ibodat qiling!” (Zumar surasi, 2-oyat).
Mo‘min-musulmonlar dinga ixlos bilan amal qilishi nafaqat bizning ummatga, balki bizdan avvalgi ummatlarga ham farz bo‘lganini quyidagi oyati karimadan ham bilib olsak bo‘ladi:
وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ
ya’ni: “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina surasi, 5-oyat).
Qur’oni karimning tafsiri sifatida hadisi shariflarda ham ixlos mavzusiga to‘xtalib o‘tilgan. Aksariyat hadis kitoblari niyatni xolis qilish haqidagi Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlari bilan boshlanadi:
"إنّمَا الأَعْمَالُ بالنِّيّاتِ، وَإِنَّمَا لِكُلِّ امرِىءٍ مَا نَوَى، فَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ، فَهِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ، وَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ لِدُنْيَا يُصيبُهَا، أَوْ امْرَأَةٍ يَنْكَحُهَا، فَهِجْرَتُهُ إِلى مَا هَاجَرَ إِلَيْهِ" )مُتَّفَقٌ عَلَيه(
“Albatta, amallar(ning savobi) niyatlarga bog‘liqdir. Har kim nima niyat qilgan bo‘lsa, unga shu narsa bo‘ladi. Kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun bo‘lgan bo‘lsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchundir. Kimning hijrati dunyo uchun bo‘lgan bo‘lsa, dunyoga yetadi. Ayol uchun hijrat qilsa, uni nikohiga oladi. Hijrati nima uchun bo‘lgan bo‘lsa, unga o‘sha narsa bo‘ladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ixlos bilan kalimai toyyibani aytishning fazilati to‘g‘risida shunday deydilar:
مَا قَالَ عَبْدٌ لَا إِلَهَ إِلَّا اللّهُ قَطُّ مُخْلِصًا، إِلَّا فُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ حَتَّى تُفْضِي إِلَى الْعَرْشِ مَا اجْتُنِبَ الْكَبَائِرُ
رواه الترمذى وحسنه
ya’ni: “Qaysi banda “La ilaha illalloh” kalimasini ixlos bilan aytsa, bu kalimaga osmon eshiklari ochiladi. Modomiki, banda katta gunohlardan saqlanar ekan, u kalima Arshgacha yetib boradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ixlos bilan qilingan amal insonni najotga boshlashi haqida shunday deydilar: “Avval o‘tgan ummatlardan uch kishi safarga chiqib, boshpana sifatida bir g‘orga kirdilar. G‘orning eshigi tog‘dan tushgan katta tosh bilan berkilib qoldi. Shunda ular: “Bu toshdan bizni Alloh taologa xolis qilgan amallarimiz bilan duo qilish qutqaradi” – deyishdi. Ulardan biri: “Ey, Alloh! Mening qari ota-onam bor edi. Ularni doimo bola-chaqayu chorpolarimdan avval taomlantirardim. Bir marta nimanidir izlab uzoqqa ketib qoldim. Qaytganimda ota-onam uxlab qolishgan ekan. Sut sog‘dim, bola-chaqa, chorpolarni ulardan avval taomlantirishni xush ko‘rmadim. Tonggacha ularning boshida, idishni qo‘limda ushlab turdim. Nihoyat ular turib sutni ichishdi. Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh biroz siljidi, lekin chiqa olmadilar. Ikkinchisi: “Amakimning bir qizi bor edi. Uni juda yaxshi ko‘rardim. U bilan birga bo‘lishni xohlaganimda, qiz rad qildi. Ocharchilik yilida o‘sha qiz yonimga muhtoj bo‘lib keldi. Qizga 120 dinor berdim (taxminan 510 gramm tillaning qiymatiga teng bo‘ladi). Faqat buning evaziga qiz bilan birga bo‘lish (zino)ni xohladim. U rozi bo‘ldi. Murodimga yetay deganda qiz: “Men senga halol emasman, muhrni haqqi bilan ochgin”, – dedi. Darhol o‘rnimdan turib ketdim, vaholangki, u menga eng sevimli ayol edi. Bergan dinorlarimni ham qaytarib olmadim. Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh biroz siljidi, lekin chiqa olmadilar. Uchinchisi gap boshladi: “Bir qancha mardikorlarni ishlatdim. Hammasining ish haqqisini berdim. Lekin bittasi haqqini olmay ketdi. Uning ish haqqisini ko‘paytirdim, bir qancha mol mulk bo‘ldi. Kunlardan bir kun o‘sha mardikor kelib, haqqini so‘radi. Ko‘rib turganing, mana shu tuyalar, sigirlar, qo‘ylar va qullarning hammasi seniki, olib ketaver, dedim. U: “Ey, Allohning bandasi! Meni masxara qilma, men ish haqqimni so‘rayapman”, – dedi. Sening ustingdan kulayotganim yo‘q, olib ketaver, dedim. U hech narsa qoldirmay olib ketdi. Ey, Alloh! Mana shu ishni ixlos bilan sen uchun qilgan bo‘lsam, najot ber”, – deb duo qildi. Tosh surildi, g‘ordan chiqib ketdilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasanul Basriy rahimahulloh: “O‘tganlarimiz bir joyda yig‘ilib qolishsa, ixlos bilan qilingan eng yaxshi ishlarini o‘rtaga chiqarishni xush ko‘rishmasdi (ya’ni, uni yashirishardi)”, – degan.
Hamdun ibn Ahmaddan so‘rashdi:
Imom Shofe’iy mashhurlikdan qochib shunday der edi: “Odamlar mana shu ilmni (ya’ni, u zotning kitoblarini) o‘rganib, undan biror narsani menga nisbat bermasligini xohlardim”.
Tabaa tobe’inlardan bo‘lgan Ibn Uyayna Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislaridan gapirsa, dars halqasida turgan holida yig‘lab yuborar edi. Lekin odamlar sezmasin, deb sallasini ko‘ziga tushirib olar va: “Bu yo‘tal buncha qattiq bo‘lmasa”, – deb qo‘yardi.
Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi yoki yo‘qmi farqi bo‘lmaydi.
Ixlosli kishilar amal qilib turib ham maqtovni xush ko‘rmaydilar. Vaholanki, odamlar amal qilmagan ishlariga ham maqtalishni xush ko‘radilar. Muxlis kishilar amalni ixlos bilan qilish, uning savob va sunnatga mosligi hamda oz bo‘lsa ham davomiyligiga e’tibor qaratadi. Muxlis bo‘lmaganlar esa garchi amalini riyo, xurofot va bid’atlar fosid qilsa ham, amalning ko‘pligiga qiziqadilar.
Bugungi kunda ham ibodat, muomala, to‘y-ma’raka marosimlari va boshqa amallarimizda ixlosga juda muhtojmiz. Yaxshilab o‘rganib ko‘rsak, ancha muncha ishlar riyo va xo‘jako‘rsinga chiqib ketadi. Nom chiqarish uchun qancha harakat, qancha xarajat qilamiz. Lekin natijada hech qanday savobsiz qolamiz. Shuning uchun har bir ishimizda niyatni to‘g‘rilash, g‘arazlarsiz xolis amal qilish asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak. Oz bo‘lsada ixlos bilan qilingan amallar, oxiratda bandaning saodat topishiga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni ixlos-e’tiqodli muxlis bandalaridan qilib, o‘zi tavfiq bersin. Omin.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida muborak Ramazon oyi kelayotgani munosabat bilan ro‘zaning ba’zi foydalari haqida suhbatlashamiz. Alloh biz mo‘minlarga farz qilgan Ramazon ro‘zasining inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).
Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.
Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.
Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.
Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.
Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish
Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilganligi, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.
Bu tuhmat va qoralashlar turli-tuman bo‘lib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:
1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.
2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.
3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.
5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyhlar misolida ko‘rinadi.
6. Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lganligi bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.
Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:
1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi Xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.
Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.
Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.
Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.
Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.
2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.
3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.
4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.
Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.
«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi