Avval xabar berganimizdek, TII Tahfizul Qur’on kafedrasi o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov 10-18 aprel kunlari Al-Kuvayt shahrida bo‘lib o‘tadigan 10-xalqaro Qur’on musobaqasida tilovat yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etish uchun Kuvayt davlatiga jo‘nab ketgan edi.
11 aprel kuni Zafar qori Mahmudov 1-boschiqdan muvaffaqiyatli o‘tgach, qur’a natijalariga ko‘ra, birinchi bo‘lib tilovat yo‘nalishi bahslarini boshlab bergan edi.
Kecha 18 aprel kuni qizg‘in o‘tgan musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi va yakunga ko‘ra institutimiz o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov 80 ta davlatdan ishtirok etgan 160 ta qorilar orasida faxrli o‘ntalikka kirib musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi.
10-xalqaro Qur’on musobaqasida 1-o‘rinni nigeriyalik qori qo‘lga kiritdi, 2-o‘rin jazoirlik qoriga nasib etdi, 3-o‘ringa somalilik qori munosib topilgan bo‘lsa, to‘rtinchi o‘rinni sudanlik qori egalladi.
Kuvaytdagi ushbu 10-xalqaro Qur’on musobaqasi hifz, tilovat yo‘nalishida va bu yildan boshlab yosh, o‘smir qorilar o‘rtasida o‘tkazildi.
E’tiborli tomoni, Zafar qori Mahmudov 2011 yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan xalqaro Qur’on musobaqasida ham munosib ishtirok etgan edi.
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi