Avval xabar berganimizdek, TII Tahfizul Qur’on kafedrasi o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov 10-18 aprel kunlari Al-Kuvayt shahrida bo‘lib o‘tadigan 10-xalqaro Qur’on musobaqasida tilovat yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etish uchun Kuvayt davlatiga jo‘nab ketgan edi.
11 aprel kuni Zafar qori Mahmudov 1-boschiqdan muvaffaqiyatli o‘tgach, qur’a natijalariga ko‘ra, birinchi bo‘lib tilovat yo‘nalishi bahslarini boshlab bergan edi.
Kecha 18 aprel kuni qizg‘in o‘tgan musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi va yakunga ko‘ra institutimiz o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov 80 ta davlatdan ishtirok etgan 160 ta qorilar orasida faxrli o‘ntalikka kirib musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi.
10-xalqaro Qur’on musobaqasida 1-o‘rinni nigeriyalik qori qo‘lga kiritdi, 2-o‘rin jazoirlik qoriga nasib etdi, 3-o‘ringa somalilik qori munosib topilgan bo‘lsa, to‘rtinchi o‘rinni sudanlik qori egalladi.
Kuvaytdagi ushbu 10-xalqaro Qur’on musobaqasi hifz, tilovat yo‘nalishida va bu yildan boshlab yosh, o‘smir qorilar o‘rtasida o‘tkazildi.
E’tiborli tomoni, Zafar qori Mahmudov 2011 yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan xalqaro Qur’on musobaqasida ham munosib ishtirok etgan edi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sehrni sehr bilan davolanmaydi, balki shariatga muvofiq dam soldirish, “Fotiha”, “Oyatal kursiy”, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, “Ixlos”, “Falaq” va “Nas” suralarini o‘qib, o‘ziga dam solish, doimo tahoratli yurish, farz ibodatlarni vaqtida bajarish, ko‘p qiroat va zikru tasbehda bo‘lish tavsiya etiladi.
Tarixdan ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni Labiydul yahudiy va uning qizlari o‘n bir tugunli ip bilan sehr qilishganda “Falaq” va “Nas” suralarini o‘qib panoh so‘rashga buyurildilar. U zot ushbu suralarni o‘qib sehrdan xalos bo‘ldilar (“Tafsiri Jalolayn” kitobi).
Avvalo, folbinlik, sehr bilan shug‘ullanadigan kishilardan uzoq bo‘lish, sehr ham Alloh taoloning iznisiz ta’sir qilmasligiga qattiq ishonish kerak.
Sehr bilan shug‘ullanish – oilalarning buzilishi, silai rahmning uzilishiga sabab bo‘ladigan og‘ir jinoyatdir. Hozirgi kunda ham sehrning isitish-sovutish degan turi ko‘p uchraydi. Ba’zi opa-singillarimiz tushunmasdan erimni o‘zimga isitaman, deb folbin-sehrgarga murojat qiladilar.
Ko‘pincha natija teskari bo‘ladi. Aslida, opa-singillarimiz dinimizda tavsiya qilingan, er-xotin o‘rtasida muhabbatni ziyoda qiladigan ishlarga harakat qilishlari kerak.
Eng asosiysi, iymon, ixlos, muhabbat, sabr-toqat, qanoat, bosiqlik, kechirimlilik, mehr, shukr, Allohning taqdiri va taqsimiga rozi bo‘lish, xushmuomalalik, hayo, mehnatsevarlik, oqko‘ngillik kabi xislatlarga ega bo‘lishga harakat qilsalar, erni isitish uchun imonni tahlikaga qo‘yib folbin-sehrgardan yordam so‘rashga hojat qolmaydi.
Folbin va sehrgarlarning bozorini yuritayotganlar, ularning eshiklari oldida turnaqator navbatlar tashkil qilayotganlar kimlar? Afsuski, biz o‘zimiz ularning ishi yurishishiga sabab bo‘lmoqdamiz. Har bir oila boshlig‘i qo‘l ostidagilar uchun mas’ul.
Demak, har bir er yoki ota oila a’zolarini folbin va sehrgarlarga borishidan qaytarishi kerak. Chunki o‘zini ham oila a’zolarini ham do‘zax o‘tidan asrashi uning muqaddas burchidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.