Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Har qanday qo‘rquv senga g‘am keltirsa, Alloh taolodan bo‘lgan qo‘rquv senga ikki jannatni olib keladi. Zero U Zot Qur’oni Karimda: “Robbisi huzurida turishdan qo‘rqqanlar uchun ikki jannat bor” degan.
“Hayotning narigi yuzi”
*****
Kimda kim tabassum qilishga sabab topa olmayotgan bo‘lsa, ko‘zlarini bir necha soniyaga yumsin-da, keyin ochib, hamma narsani ko‘ra oladigan ko‘zining nuri tabassum qilish uchun ulkan sabablardan biri ekanini anglab yetsin!
“Hayotning narigi yuzi”
*****
Ko‘pincha sen eshitishni istamayotgan nasihat aslida sen eshitishing kerak bo‘lgan nasihatdir!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ishim orqaga ketganda yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsang, ishim o‘ngidan kelganda oldimga kelishni o‘ylamay qo‘yaver!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Har bir odamning boshqa insonlar bilmaydigan yashirin g‘amlari bo‘ladi. Ko‘pincha biz unday insonlarni sovuqqon deymiz. Aslida esa ularning ichlari alamdan, og‘riqdan qaynayotgan bo‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ortingdan gapiradilar. Chunki ular chindan ham sendan orqada-da!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.