Xorazm viloyati Gurlan tumani bosh imomi, “Qora Alam Bobo” jome masjidi imom-xatibi Mahmudjon Habibullayev Gurlan tumani Fidokor mahallasida yashovchi Qutlimuratovlar oilasiga o‘z hisobidan yangi uy qurib berdi. Mazkur oila hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan biri bo‘lib, yashab turgan xonadoni nochor holatda, uyning shifti, pollari yaroqsiz ahvolda edi. Uning ustiga, gaz, elektr tokidan katta miqdordagi qarzdorligi sababli tarmoqdan uzib qo‘yilgan edi. Imom-xatib eski uyning yonidan alohida binoda 5 xonalik yangi uy qurib bergan, kommunal to‘lovlardan ham qarzlarini to‘lab bergan.
Aslida bu xabar, mazkur xonadon sohibi, uch farzandning otasi Umrbek Qutlimurodovning Diniy idoraga Mahmudjon Habibullayev nomiga yozilgan Tashakkurnoma xatidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Tashakkurnoma xatida: “Bosh imom Mahmudjon aka bizlarni zax, ko‘rimsiz joydan xalos qilib, o‘z hisobidan besh xonali zamonaviy tartibda uy solib berdi. Biz farzandlarimiz bilan har kuni ertalab qo‘limizni duoga ochib, u kishini uzoq umr ko‘rishini, qilayotgan xayrli va savobli ishlari Qodir Alloh huzurida o‘zlariga soyabon bo‘lishini istab qolamiz, deya mamnuniyat so‘zlari bitilgan.
Biz bu masala bo‘yicha biz imom domla bilan bog‘langanimizda kamtarlik bilan: “Ha, o‘tgan yili qish oylarida xonadonning og‘ir sharoitini ko‘rib, Alloh qodir qilsa, shu oilaga yangi uy qurib berishni niyat qilgan edik, yozga chiqib, shu ish nasib bo‘ldi va tez fursatda uy ham bitdi, dedilar.
Alloh roziligi, xalq xizmati yo‘lida qilnayotgan bu kabi ishlar ko‘payaversin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan "Huquqiy savodxonlik oyligi" doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, maxsus kurslar va seminar-treninglar boshlandi.
Bulardan dastlabkisi 2025 yil 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maxsus kurs Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, Mir Arab oliy madrasasi rektori J.Elov shuningdek, ustoz va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, Konsepsiyaning ahamiyati, 2025 yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan joriy etilgan yangi tizimlar haqida fikrlar bildirildi.