Qora tuynuklar nima?
Yigirmanchi asrda fazoviy jismlar va koinotdagi hodisalarga doir ko‘plab kashfiyotlar qilindi. Ulardan biri qora tuynuklarning aniqlanishidir. O‘zining butun energetik zaryadini sarflab bo‘lgan yulduz o‘z-o‘zining ichiga qarab toraya boshlaydi. Mana shu siqilish natijasida yulduzning o‘rnida zichligi cheksiz yuqori bo‘lgan, massasi esa nolga yaqin bo‘lgan qudratli gravitatsion maydon hosil bo‘ladi. Mana shu maydon astronomiyada «qora tuynuk» deb ataladi. Qora tuynuklarni eng qudratli teleskoplar bilan ham ko‘rib bo‘lmaydi, chunki ular fotonlarni yutib yuboradi, natijada inson ko‘zi sezishi mumkin bo‘lgan yorug‘likni ham yo‘qotib yuboradi va ularni mutlaqo akslantirmaydi. Qora tuynukning mavjudligini uning atrofida hosil bo‘lgan g‘oyatda kuchli magnit maydoniga qarab bilib olish mumkin.
Olimlar so‘nggi to‘rt asrdan beri koinotdagi shu g‘ayrioddiy jism haqida fikr yuritib, bu borada ba’zi kashfiyotlarni ham qilganlar.
Ulkan massaga ega bo‘lgan yulduzlar koinotda tortishish maydonlarini hosil qiladi. Qora tuynuklar o‘zlariga yaqinlashgan barcha jism va moddalarni o‘z qa’riga tortib ketadi va ularning hisobiga o‘z zichligini uzluksiz ravishda orttirib boradi. Natijada ularning tortishish kuchlari ham kuchayib boraveradi. Bu jihatdan qaraganda, so‘ngan yulduzning o‘rnida paydo bo‘lgan va atrofidagi hamma narsani o‘z domiga tortib ketadigan bunday qora nuqtalarni qora tuynukka o‘xshatish mumkin. Shu sababdan falakiyot olimlari bunday yulduzlarni qora tuynuklar deb atashgan.
Bu obyektlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular ichida fizikaning barcha qonunlari amal qilishdan to‘xtaydi, vaqt to‘xtab qoladi, istalgan materiya va nur izsiz yo‘qoladi.
Qachon aniqlangan?
1790 yilda ingliz va fransuz olimlari samoda ko‘rinmas yulduzlar borligi haqida fikr yuritishgan.
1915 yilda Eynshteyn o‘zining “umumiy nisbiylik nazariyasi”da fazoda ulkan gravitatsiyaga ega bo‘lgan jismlar borligi, ular zamon va makonga ta’sir etishi haqidagi qarashlarni ilgari suradi.
1967 yilda amerikalik olim Djon Archibald Uiler o‘zining ma’ruzasida ilk bor “qora tuynuk” atamasini ishlatadi.
1994 yilda astrofizik olimlar Habbl teleskopi vositasida M87 galaktikasi markazida ko‘zga ko‘rinmas ulkan jism borligini aniqladilar.
Har qanday yulduz qora tuynukka aylanishi mumkinmi?
Olimlarning ta’kidlashicha, og‘irligi Quyosh vaznidan 20 marta katta bo‘lgan yulduzlar oxir-oqibat qora tuynukka aylanishi mumkin ekan. Bunga sabab ularning ulkan tortishish maydoni va yirik massaga ega ekanligidir. Lekin hajmi va massasi kichik bo‘lgan yulduzlarning qora tuynukka aylanishi uchun yetarlicha bosim bo‘lmagani sababli ular qora tuynukka aylana olmas ekan.
Nega ko‘rinmaydi?
Biror jism moddaning gravitatsiya maydonidan qutulish uchun u gravitatsiya sur’atidan tezroq harakatlanishi kerak. Aks holda u bu maydondan qutulib keta olmaydi. Masalan, Yerning tortishish maydonini yengib o‘tish uchun kosmik kema soniyasiga 11.2 kilometr tezlikda yuqoriga harakatlanishi lozim. Qora tuynukda esa jismlarning gravitatsiya ta’siridan qochish tezligi nihoyatda ulkan bo‘lishi kerak. Ammo hech bir jism bunday katta tezlikka erisha olmaydi. Hatto yorug‘lik ham. Vaholanki u soniyasiga 300 ming kilometr tezlikda harakatlanadi. Ammo qora tuynukning tortishish maydonidagi tezlik yorug‘lik tezligidan-da yuqori bo‘lgani uchun u yorug‘likni ham yutib yuboradi. Qora tuynuk yorug‘likni qaytarmagani, balki yutib yuborgani uchun ko‘rinmaydi, uni tasvirga olishning ham imkoni bo‘lmaydi. Faqat unga yutilayotgan jismlarning taratayotgan nurlari orqaligina qora tuynukni tasvirga olish mumkin.
Qur’oni Karimda qora tuynuklarga ishora bormi?
Olimlarning aytishicha, ko‘rinmas jism bo‘lgan qora tuynuk harakatlanadi va yo‘lida uchragan barcha jismlarni o‘z domiga tortib, yutib yuboradi, boshqacha qilib aytganda, yo‘lini tozalab, “supurib” o‘tadi.
Ha, olimlar qora tuynuklarning uchta xususiyatini alohida ta’kidlashadi:
Ushbu ma’lumot 2006 yilda taqdim etildi. Ammo milodiy 7-asrda nozil bo‘lgan Qur’oni Karimda mana bu oyatlar bor:
فَلَا أُقْسِمُ بِالْخُنَّسِ الْجَوَارِ الْكُنَّسِ
“(Kunduzi) maxfiy bo‘luvchi(yulduz)lar bilan qasam. (Kechalari) yuruvchi, berkinuvchi(yulduz)lar bilan qasam” (Takvir surasi, 15-16-oyatlar).
Shuningdek, Qur’oni Karimdagi mana bu oyatga ham e’tibor beraylik:
فَلَا أُقْسِمُ بِمَوَاقِعِ النُّجُومِ وَإِنَّهُ لَقَسَمٌ لَّوْ تَعْلَمُونَ عَظِيمٌ
«Men yulduzlarning botar joylariga qasam ichurmanki, — holbuki, bu (qasam) agar bilsangizlar, shak-shubhasiz, ulug‘-katta qasamdir» (Voqea surasi, 75-76-oyatlar).
Qora tuynuklar − bu qazosi yetib, botib ketgan, g‘oyib bo‘lgan yo‘qolgan yulduzlarning joylari, mavqe’laridir. Shuningdek, qora tuynuklar galaktikalar, yulduzlar, kometalar va boshqa koinot jismlarining botish, qulash, yutilish joylari hamdir.
Oyatning davomida “Holbuki, bu (qasam) agar bilsangizlar, shak-shubhasiz, ulug‘-katta qasamdir” deyilyapti.
Alloh taolo Qur’onda nima narsaga qasam ichsa, bu bilan qasam ichilayotgan narsaning ulkan, ahamiyatli narsa ekanligiga ishora ham qilgan bo‘ladi.
Aniqlangan qora tuynuk
Galaktikalar to‘plamida joylashgan, sayyoramizdan 3.9 milliard yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan RX J1532.9 +3021 nomli qora tuynuk. Rasmda o‘rtada binafsharang yorug‘lik taralyapti. Bu juda ulkan massali jismdir. Atrofida ko‘rinib turgan yorug‘liklar yulduzlar emas, galaktikalardir. Har bir galaktikada taxminan 10 milliondan 100 trilliontagacha yulduz bo‘ladi.
Endi bu qora tuynukning kattaligini tasavvur qilgandirsiz?!
Qora tuynuklarning og‘irligi
Qora tuynuk moddasidan kattaligi 9 millimetrli shar yasasak, shu sharning og‘irligi Yer sayyorasining og‘irligiga teng bo‘lar ekan. Yerning massasi 5 973 600 000 000 000 000 000 000 000 (Besh oktalon to‘qqiz yuz yetmish uch septilon olti yuz sekstilon) kilogramm.
Yuqoridagi rasmda keltirilgan qora tuynukning og‘irligi Quyosh og‘irligidan bir kvadrillion (1 000 000 000 000 000) marta og‘irroq.
Qora tuynuk rasmga olindi
Shu paytgacha internet sahifalarida va televizorlarda ko‘rsatilgan qora tuynuklar kompyuter grafikasida ishlangan yoki boshqa dasturlarda chizilgan rasmlar edi. Chunki olimlar qora tuynuk haqida nazariy ma’lumotlarni taqdim etsalarda, ammo ularni tasvirga olishning imkoni bo‘lmagan edi.
Shu yilning 10 aprel kuni butun dunyo bo‘ylab bir vaqtda bo‘lib o‘tgan 6 ta matbuot-anjumanda qora tuynukning tarixdagi ilk surati dunyoga taqdim qilindi. Olimlar insoniyat tarixida ilk bor koinotdagi qora tuynuk soyasini suratga olishga muvaffaq bo‘ldilar.
Ushbu qora tuynuk Yerdan 55 million yorug‘lik yili masofada joylashgan. Bu soniyasiga 300 ming kilometr tezlikka ega yorug‘lik nuri qora tuynukka 55 million yilda yetib borishini anglatadi. Qora tuynukning astronomlar suratga olgan holati aslida uning 55 million yil avvalgi ko‘rinishidir.
Ushbu obyekt M87 galaktikasi markazida joylashgan.
Fotosurati olingan qora tuynukning massasi Quyoshnikidan 6,5 milliard marta katta. Quyosh massasi esa Yernikidan 333 ming marta katta. Bizning Somon yo‘li galaktikamiz markazidagi qora tuynuk undan ancha kichik – taxminan 4,5 million Quyosh massasiga teng. Yana bir jihati bu qora tuynuk konotdagi eng kattasi emas. Bunaqalardan millionlab uchrashi mumkin.
Ushbu rasm galaktikada mavjud qora tuynukning soyasi bo‘lib, uning tasviri dunyo bo‘ylab 8 ta teleskopni birlashtirgan “Event Horizon Teleskope” loyihasi doirasida olingan.
Qora tuynukni aslida ko‘rib bo‘lmaydi va shu sababli suratda uning atrofidagi soyani ko‘rish mumkin. Markazdagi obyekt esa aynan qora tuynuk hisoblanadi.
Koinotning ushbu burchagini kuzatish ishlari 2017 yilning aprel oylarida yakunlangan bo‘lsa-da, yig‘ilgan ma’lumotlarni qayta ishlash yana ikki yilni talab qiladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, koinotda qora tuynuklar mavjudligi haqidagi ilmiy farazlar o‘z isbotini topdi.
kaheel7.com, Quran.uz va boshqa internet
saytlari ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati