Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh Samarqandga tashrif buyurdilar

16.04.2019   3602   3 min.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh Samarqandga tashrif buyurdilar

Bugun 2019 yilning 16 aprel kuni Islom dunyosining mashhur olimi Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh va mehmonlar Buxoro ziyoratini yakunlab, Samarqand sari yo‘l olishdi.

Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh Samarqand shahrida hurmat va ehtirom ila kutib olindi. 

Mehmonlar dastlabki ziyoratni hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidan boshladilar. Buyuk vatandoshimizning marqadlarida Qur’on tilovat qilindi.

So‘ngra, mehmonlar hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan muqaddas majmua yonida tashkil etilgan hadis ilmi maktabiga tashrif buyurishdi. Tashrif chog‘ida ziyoratchilarga maktab faoliyati va olib borilayotgan islohotlarning muhim ekanligi,  Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyati, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yig‘ilgan ahli ilmlarga hadisdan ijozalar berildi hamda o‘zbekona urf-odatlarimizga muvofiq mehmonga do‘ppi va to‘n kiydirildi. 

Tashrif chog‘ida Ulug‘bek rasadxonasi ham ziyorat qilindi va mehmonlar uning boy tarixi bilan tanishtirildi. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning yurtimizdagi safarlarining davomi imom Moturidiy ziyoratgohi bilan davom etdi. Ushbu ziyoratgoh 2000 yilda Chokardiza qabristoni hududida kalom ilmining moturidiya oqimi asoschisi Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiyga bag‘ishlab bunyod etilgan.          
Shundan keyin Xo‘ja Ahror Valiy majmuasi ziyorat qilindi va peshin namozi ado etildi. Ta’kidlash joizki, mashhur olim Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh yomg‘irli ob-havoga qaramay ziyorat safarlaridan mamnun ekanliklarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

 

 

Islom.uz portali tahririyati

Manba: https://islom.uz

 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

14.05.2025   1386   3 min.
Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.

Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.

1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.

Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.

2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.

3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.

4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.

5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.