Xabaringiz bor, 18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi “Ko‘kcha Darvoza”, “Fuzuliy” va “Omon Muxtorov” ko‘chalarida joylashgan oltita xonadonda kuchli yong‘in bo‘lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan va 65 kishi boshpanasiz qolgan edi. Jami 380 kv.metr maydonda uylarning tom qismilari va ichki jihozlari butunlay yonib ketgan.
8 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yong‘indan jabr ko‘rgan sakkizta xonadon ahllaridan xabar olib, hamdardlik bildirgan edilar.
Bugun 13 aprel kuni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari tashabbusi, Toshkent shahar vakilligi, Shayxontohur tumani imom-xatiblari ishtirokida xonadon sohiblariga 200 000 000 so‘mdan ziyod moddiy yordami yetkazildi. Yong‘indan jabr ko‘rgan xonadon sohiblari ko‘rsatilgan sahovat va e’tibor uchun minnatdorchilik izhor etib, bu xayrli ishga hissasi qo‘shilganlar haqqiga duoi-xayrlar qilindi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida quyidagilarni aytadilar: “Musulmon musulmonning birodaridir. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan bir g‘amni forig‘ qiladi”
Bunday qiyin damlarda mahalla ahllari ham musibat egalariga astoydil yordam ko‘rsatayotgani, xususan uylaridan boshpana berib, o‘z rizqi nasibasining yarmini qo‘shnilari bilan baham ko‘rayotgani tahsinga sazovordir. Xonadonlarni qayta qurish ishlari ham xalq hashari yo‘li davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).