Bugun Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan “Ma’naviy ipak yo‘li, Islom va yoshlar: zamonaviy tahdidlar” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘z ishini yakunladi.
Ushbu anjumanda jami 300 delegat ishtirok etgani uning nufuzidan darak beradi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Rossiya muftiylar Kengashi raisi Ravil Gaynutdin, Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Serikbay hoji Oraz, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maksatbek Toktomushev, shuningdek, Xitoy, Moldova va Finlyandiya musulmonlari yetakchilari, jami bo‘lib 14 ta davlatdan din peshvolari ishtirok etdi.
Anjumanda yurtimiz nomidan chiqish qilgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurovning ma’ruzalari konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati