2019 yilning aprel oyida taqdim etilgan Jahon halol turizm reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston Top-20 ro‘yxatidan o‘rin olgan. Halol turizm ziyoratchilarini qabul qiluvchi IHT mamlakatlari orasida esa Top-10 ro‘yxatiga kiritilgan.
Global Muslim Travel Index 2019 hisobotida qayd etilishicha, O‘zbekiston ziyorat turizmi bo‘yicha 18-o‘rinda (2018 yilda - 32 o‘rinda bo‘lgan). Yetakchilik - Malayziya, Indoneziya va Turkiya mamlakatlarida. Bulardan tashqari, ro‘yxatda Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Marokash, Baxrayn, Ummon, Bruney, Iordaniya, Eron, Misr, Kuvayt, Tunis, Pokiston, Jazoir, Livan, Bangladesh, Maldiv ham qayd etilgan. Qozog‘iston va Ozarbayjon esa O‘zbekistondan keyin 19- va 20-o‘rinlarni egallagan.
Halol turizm ziyoratchilarini qabul qiluvchi IHT mamlakatlari reytingida esa O‘zbekiston 9-o‘rinni egallagan. Ilk uch o‘ringa Saudiya Arabistoni, Turkiya va Marokash munosib ko‘rilgan. Shuningdek, ro‘yxatdan Malayziya, Bahrayn, BAA, Qozog‘iston, Eron va Indoneziya mamlakatlari ham joy olgan.
Global Muslim Travel Index 2019 reytingini tuzishda mamlakatlarning iqlimi, xavfsizligi, iqtisodiyoti va ko‘rsatiladigan xizmatlar kabi omillar hisobga olingan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda Buxoro shahrida o‘tkazilgan hamda dunyoning turli davlatlari vakillarini o‘zida jamlagan I Xalqaro ziyorat turizmi forumi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Jahon banki xususiy sektor diagnostikasi bo‘yicha delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Muhammadolim domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tilaklarini yetkazdi. So‘ngra yurtimizda ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilanishlar haqida so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida delegatsiya a’zosi bo‘lgan katta iqtisodchi Levent Karaday samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zi faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya tashkiloti xususiy sektorga sarmoya kiritishi, ayni maqsadda joriy yil boshida ham kelganlari, o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, shu bois ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi.
Muloqot davomida Diniy idora tasarrufidagi ziyoratgohlar, ularning faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, xorijiy delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati