“Og‘riqning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – sabr” dedim.
“Muvaffaqiyatsizlikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – o‘sha ishni takroran bajarib ko‘rish” dedim.
“Hasadning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – o‘zini bilmaganga olish” dedim.
“Faqirlikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – qanoat” dedim.
“Zaiflikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – iymon” dedim.
“Hunuklikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – go‘zal axloq” dedim.
“Johillikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – ilm o‘rganish” dedim.
“Ahmoqlikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – sukut saqlash” dedim.
“Dushmanlikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – ehson, yaxshilik qilish” dedim.
“Yoqtirmaslikning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – muhabbat” dedim.
“Og‘riq va iztiroblarning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – tabassum” dedim.
“Musibatning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – istig‘for aytish” dedim.
“Nafsning gunoh bo‘lgan istaklarining davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – uni o‘sha istaklardan mahrum etish” dedim.
“Charchoqning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – uyqu” dedim.
“Yuqoridagi savollardagi holatlarning davosi nima?” deb so‘rashdi. “Davosi – “Ey Robbim!” deb duoga qo‘l ochmoqdir” dedim.
Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD