Olimlar chumoli haqida yangidan yangi ilmiy haqiqatlarni kashf etmoqdalar. Yaqinda aniqlangan ilmiy haqiqatlardan birida aytilishicha, chumolilarning urg‘ochisi jamoani xavfdan ogohlantirar ekan. Ular bu vazifani bajarish asnosida o‘zidan ovozli tebranishlar va kimyoviy moddalar chiqarar ekan. Atrofdagi chumolilar bundan xavf yaqinlashayotganini tushunib, xavfsiz joyga qochishar ekan. Qur’oni Karimda bu haqiqatga o‘n to‘rt asr oldin ishora qilingan:
حَتَّى إِذَا أَتَوْا عَلَى وَادِي النَّمْلِ قَالَتْ نَمْلَةٌ يَا أَيُّهَا النَّمْلُ ادْخُلُوا مَسَاكِنَكُمْ لَا يَحْطِمَنَّكُمْ سُلَيْمَانُ وَجُنُودُهُ وَهُمْ لَا يَشْعُرُونَ
“Toki ular chumolilar vodiysiga kelganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasinlar”, dedi”. (Chumolilar ham asalarilarga o‘xshab, ajoyib intizomga ega. Hali-hanuz ularning jamoat bo‘lib yashashlari siri anglangan emas. Bu oyatda ular bir-birlarini xavf-xatardan ogoh etishlari aytilmoqda.) (Naml surasi, 18-oyat).
Bu oyatda xavfdan ogohlantiruvchi chumolining fe’li قَالَتْ (“qoolat”) deyilib, ushbu fe’l muannas (jenskiy rod) shaklida kelgan. Mana shuning o‘zida sheriklarini xavfdan ogoh etuvchi chumolining urg‘ochi bo‘lishiga ishora bor.
Ulamolar ushbu oyatdan kelib chiqib, chumolilarga xos bir necha xislatlarni zikr qilganlar.
Chumoli his qiladi, sezadi, nimagadir ulgurib qolishga intiladi, nido qiladi, diqqatni jalb etadi, buyuradi, qaytaradi, ta’kidlaydi, nasihat qiladi, so‘zlarini balog‘at bilan yetkazadi, bayon qiladi, ogohlantiradi, haydaydi.
Chumoli Sulaymon alayhissalomning o‘z qo‘shinlari bilan kelayotganlarini sezdi, his qildi va sheriklariga ularning kelishayotgani xabarini bildirishga intildi, shoshildi.
Keyin barcha chumolilarning diqqatini o‘ziga qaratish, jalb etish maqsadida ularga nido qildi.
U nido qilayotganda “Ey chumolilar” dedi. Bu nido sababli biror ishga mashg‘ul bo‘lib turgan chumoli ham o‘z ishini tashlab, diqqatini unga qaratadi.
Barcha chumolilar e’tiborlarini unga qaratishgach, u o‘z sheriklariga “Maskanlaringga kiringlar” deb buyurdi.
Shu o‘rinda bir haqiqatni eslatib o‘tsak.
Nido qiluvchi chumoli “Maskanlaringga kiringlar” dedi. Demak, har bir chumoli xavf yuzaga kelganda istagan teshikka, kovakka kirib ketmaydi, balki har biri o‘zining maskaniga, xotirjam bo‘ladigan, xavfdan omon bo‘ladigan, o‘zini tinch his qiladigan maskaniga kiradi. Zero, maskan so‘zi “Sokinlik topadigan joy” ma’nosini bildiradi.
Keyin nido qiluvchi chumoli “Ezib yubormasinlar” deb deb Sulaymon alayhissalom qo‘shinini chumolilarni ezib yuborishdan qaytarmoqda.
Bu qaytariqni ta’kid bilan aytyapti. Oyatdagi يَحْطِمَنَّ (“yahtimanna”) fe’lidagi “tashdidli nun” harfi shunga dalolat qiladi.
Nido qiluvchi chumoli o‘z jamoasini maskanlariga kirishga buyurish bilan ularga nasihat qilyapti, yaxshiligini ulardan ayamayapti.
Oyatda chumoli o‘z jamoasini xavfdan ogoh etar ekan, hech kimni, Sulaymon alayhissalomni ham, u zotning qo‘shinlarini ham ayblamayapti. Balki “Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasinlar” deb, o‘z fikrini balog‘at bilan bayon qilib yetkazyapti.
O‘z jamoasini o‘limdan saqlab qolish maqsadida ularni xavfsiz joyga kirishga chorlab, xafv borligini e’lon qilish “ogohlantirish” deyiladi.
Shu tarzda u o‘z jamoasini xavfsiz maskanlarga haydamoqda.
Azizlar, birgina chumolida shuncha xislatlar bor ekan. Ular bir-birlarini mana shu tarzda ogohlantirar ekanlar.
Chumolilardagi bu xislatlar haqida Qur’oni Karimning mazkur birgina oyatida bundan 14 asr oldin xabar berib qo‘yilgan.
Mittigina maxluqiga shuncha xislatlarni ato etgan Alloh Barakotli, Buyukdir!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati