Avval xabar berganimizdek, muftiy hazratlari Toshkent shahar, Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi uylari yonib ketgan sakkizta xonadonga tashrif buyurib, talofatdan aziyat chekkan xonadon ahllariga hamdardlik bildirgan edilar.
O‘zaro suhbat davomida xonadon ahllaridan birlari: “Eng achinarlisi, men uchun bebaho boylik bo‘lgan ko‘plab kitoblarim ham yong‘inda yonib ketdi. Ularning aksariyati diniy kitoblar edi”, deya nafsus bilan so‘zlab bergan edi. Muftiy hazratlari yo‘qotilgan kitoblar o‘rnini to‘ldirilishini o‘z zimmalariga olib, albatta yetkazib berilishini ta’kidlagan edilar.
Bugun ana shu xonadonlarga muftiy hazratlarining va’dalari yetkazildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar domla Qayumov sakkizta xonadonning har biriga Qur’oni karim va o‘ndan ortiq, jami yuzga yaqin diniy-ma’rifiy kitoblarni muftiy hazratlari nomlaridan topshirdilar. Bundan tashqari, tez orada diniy idora tarafidan moddiy yordam ham ko‘rsatilishini bildirdilar.
“Allohga shukurki, mahalla ahli bugun hammalari bizga yordam ko‘rsatmoqda. Bu borada alhamdulillah, ko‘nglimiz taskin topyati. Faqat men yo‘qotgan kitoblarimga achinayotgan edim, mana bugun ular ham qaytib keldi! Muftiy hazratlari bizga Qur’oni karim va boshqa ko‘plab mo‘tabar kitoblarni yuboribdilar. Alloh taolo hazratimizni O‘z panohida asrasin. Boshiga sinov tushgan barcha insonlar nomidan u kishiga katta minnatdorchiliklarimizni bildiramiz”, deydi Fathulloh hoji ota.
Mo‘minlarning bir-birlarini musibat onlarida yolg‘izlatib qo‘ymaslik, dardlariga malham bo‘la olishlik bu dinimiz va oliyjanob xalqimizning go‘zal an’analaridandir. Alloh atolodan musibat yetgan xonadon ahillariga najot va barakotlar berishini so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov tomonidan muassasa o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalariga "Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’milash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi"ning mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi maxsus kurs mashg‘uloti o‘tib berildi.
Tadbir davomida Konsepsiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi tamoyillari, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari keng yoritildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Manba: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati